Konferensiyada Bangladesh, Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Misr, Xitoy, Angliya va O‘zbekiston kabi o‘nga yaqin mamlakat olim va tadqiqotchilar buyuk mutafakkir Bahouddin Naqshbandiy merosining ta’lim va tarbiya jarayonidagi o‘rni, uning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishdagi ahamiyati yuzasidan mulohazalar bildirildi.
Xalqaro ilmiy konferensiya doirasida Buxoro davlat texnika universiteti Indoneziyaning Jam'iya Ahlith Thariqah al-Mu'tabarah an-Nahdliyah va Malang Islom universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum ilmiy, ta’limiy va ma’naviy sohalarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan. Bu hamkorlik nafaqat universitetlararo ilmiy aloqalarni mustahkamlash, balki yosh avlod tarbiyasida naqshbandiylik ta’limotini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
























– Bugun tarixning chuqur ildizlariga ega, butun musulmon olami ma’naviy-ma’rifiy merosining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Naqshbandiya tariqatining ta’lim va axloqiy tarbiyadagi o‘rnini o‘rganish, uni zamonaviy yoshlar tarbiyasiga tatbiq etish borasida fikr almashish uchun to‘plandik, – deydi konferensiya ishtirokchisi Sed Vassem Ahamet. – Naqshbandiya bu faqat tasavvuf yo‘li emas, balki ruhiy kamolot, axloqiy poklik, ilmiy tafakkur, ustoz-shogird an’analari va amaliy mehnat uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan yuksak ma’naviy maktabdir.
Tadbirda viloyati hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Qalandarov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.
Al-Azhar universiteti huzuridagi Xorijiy talabalar ta’limini rivojlantirish markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan arab tili bo‘yicha malaka oshirish dasturi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki hafta davom etgan o‘quv kursi arab tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va til o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganishga qaratildi.
Dastur yakunida o‘tkazilgan tantanali marosimda markaz rahbari, professor-doktor Nahla as-Saidiy ishtirokchilarga sertifikatlarni topshirdi. U mazkur tashabbus Al-Azharning arab tilini xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan loyihalari doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.
Tadbir davomida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Nahla as-Saidiy Toshkent islom instituti bilan akademik aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash tashabbusini ilgari surdi.
O‘z navbatida, Toshkent islom instituti vakillari dastur yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Al-Azhar universiteti rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati