Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hasad – kimgadir Alloh ato qilgan ne’mat va yutuqqa norozi bo‘lish, uning shu ne’matdan judo bo‘lishini istashdir.
Ko‘rolmaslik (hiqd)ning asosida esa adovat va xusumat saqlash, odamlar bilan munosabatda orani uzishlik yotadi.
Hasadchi – hech kimni ayamaydigan, hech kimga tinchlik bermaydigan, adolatsiz va beshafqat odamdir.
Allohning Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam barcha gunohlar uch sifatga asoslanishini va ulardan biri hasad ekanini aytganlar:
“Uch sabab barcha gunohlarning asosidir, ulardan qo‘rqing va uzoqlashing:
Kibri-havo (boshqalardan o‘zini ustun ko‘rish)dan saqlaning, haqiqatda mana shu kibr Iblisni Allohning amriga itoat etishidan qaytardi. Odam alayhissalomga sajda (ta’zim) qilmadi;
Kuchli istak-hirsdan saqlaning, haqiqatda aynan shu istak Jannatdagi ta’qiqlangan daraxt mevasidan totib ko‘rishga Odam alayhissalomni undadi;
Hasaddan saqlaning, haqiqatda aynan hasad tufayli Odam alayhissalomning o‘g‘li Qobil o‘z tug‘ishgani Hobilni o‘ldirdi” (Ibn Asokirning Ibn Mas’uddan rivoyat qilgan hadisda ham xuddi mazmunda kelgan, 40/49).
Allohning O‘z payg‘ambarlardan biri Sulaymon ibn Dovud alayhumossalomga shunday vahiy jo‘natgani rivoyat qilinadi:
“Hech qachon solih bandalarimni g‘iybat qilma va hech qachon bandalarimdan birortasiga hasad qilma!”
Shuningdek, bir taqvodor, solih kishining quyidagi so‘zi mashhur:
“Qachonki Yaratgan biror bandasini bag‘ritosh dushmanga giriftor etmoqni iroda etsa, unga hasadchini yo‘liqtirib qo‘yadi”.
Hasad insonning dinini o‘ldirib, uning manfaatini qalbidan ketkazadi, chunki undan qalbni chulg‘ab oluvchi zulmat va parda paydo bo‘ladi.
Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Sizlarga o‘tgan qavmlarda bo‘lgan kasallik yopishdi. Bu hasad va birovni nafrat bilan ko‘rolmaslikdir. U yulib oluvchidir. Bilasizmi, yulib oluvchi deganda sochni yulib oladi demayapman. U dinni yulib oladi...” (Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan, Termiziy rivoyati, “Sifatul Qiyomat” 57, (2512).
Shuning uchun oriflardan birlari marhamat qilgan ekanlar:
“Uch toifa kishining duosi Alloh nazdida maqbul emas: haromxo‘rning, g‘iybatchining va mo‘minlarga nisbatan hiqdu hasad qilguvchining”.
Bu toifalarning duolari maqbul bo‘lmasligining hikmati, ehtimol, Allohning o‘z bandalaridan biriga marhamat ko‘rsatib bergan ne’matlarini ko‘rolmaganliklari sababidandir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati