Alloh taolo marhamat qilib bunday degan: “Biz Qiyomat kuni adolat tarozularini qo‘yamiz. Bas, hech bir jonga zulm qilinmas. Agar (amal) xantal donasicha bo‘lsa ham, uni keltiramiz. Biz o‘zimiz hisob-kitob qilishga kifoyadirmiz” (Anbiyo surasi, 47-oyat).
Bu oyatning zohiridan ma’lum bo‘ladiki, har bir insonning amallari uchun o‘ziga xos bir tarozi bo‘ladi: savob ishlar bir pallaga, gunoh ishlar ikkinchi pallaga qo‘yiladi. U tarozi adolat bilan ishlaydi, unda dunyo tarozilari kabi urib qolish, kamaytirib ko‘rsatish yo‘q.
Oyatdagi "xantal donasicha bo‘lsa ham, uni keltiramiz" degani — har qanday kichik amal ham hisobdan chetda qolmasligini anglatadi.
“Biz o‘zimiz hisob-kitob qilishga kifoyadirmiz” — ya’ni Allohning hisob-kitobi aniq va mukammal bo‘ladi.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Allohning huzurida amallar yoziladigan daftarlar uch turli bo‘ladi. Bir daftar borki, Alloh unga e’tibor bermaydi, ikkinchi daftar borki, Alloh undan hech narsani qoldirmay hisob qiladi, uchinchi bir daftar borki, Alloh uni kechirmaydi.
Kechirilmaydigan daftar — shirk daftari. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Kim Allohga shirk keltirsa, albatta Alloh unga jannatni harom qilur” (Moida surasi, 72-oyat).
E’tibor berilmaydigan daftar — insonning o‘z nafsiga nisbatan qilgan zulmi: ya’ni Robbisi bilan banda o‘rtasidagi haqlarda kamchilik qilish — namozni tark etish yoki ro‘zani tutishni qoldirish kabilar. Alloh xohlasa bunday gunohlarni kechiradi va afv etadi.
Biror narsasi qoldirilmaydigan daftar — insonlarning bir-biriga nisbatan zulm qilishi. Alloh u haqda albatta qasos oladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Bu hadis odamlarning amallari qay tarzda baholanishini ko‘rsatuvchi ulkan me’yordir. Demak, odamlarning amallari uch toifada yoziladi:
1. Alloh e’tibor bermaydigan daftar — insonning o‘z nafsiga zulmi, ibodatdagi kamchiliklari.
2. Alloh hech narsani qoldirmaydigan daftar — insonning boshqalarga qilgan zulmi.
3. Alloh kechirmaydigan daftar — shirk va kufr, ya’ni Allohning sherigi bor deyish.
Bu uch daftarning ichida eng xavfli va eng dahshatlisi — shirk va kufr daftari, chunki u Allohni tanish, unga iymon keltirish va uni yagona deb bilish masalasiga ziddir. Insonning e’tiqodi butun umri va amaliga ta’sir ko‘rsatadi.
Undan keyingi eng og‘ir va xatarli daftar — odamlarning bir-biriga zulm qilishidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek: “Qasos bo‘lmay qolmaydi” — ya’ni har bir zulm uchun albatta qasos bo‘ladi. Bu esa, Allohning huzurida zulmning qanchalik katta gunoh ekanini ko‘rsatadi. Alloh zulmni O‘ziga ham harom qilgan va bandalari o‘rtasida ham harom etgan. Shu sababli, boshqalarning haqi Qiyomat kunida mutlaqo yo‘qolib ketmaydi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Alloh zolim qavmni hidoyat etmas” (Tavba surasi, 19-oyat), “U zolimlarni sevmaydi” (Sho‘ro surasi, 37-oyat), “Zolimlar najot topmaslar” (Yusuf surasi, 23-oyat).
Qur’onning barcha oyatlarida zulm — eng yomon razolat va eng katta gunoh sifatida ko‘rsatiladi. Shu sababli, barcha shariatlar zulmni yo‘qotish uchun, payg‘ambarlar adolatni qaror toptirish uchun yuborilganlar: “Biz Rasullarimizni aniq dalillar bilan yubordik va ular bilan birga Kitob hamda odamlar adolatni barpo qilishlari uchun tarozuni nozil qildik” (Hadid surasi, 25-oyat).
Zulm — faqat ijtimoiy muammo yoki odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga oid masala emas. U keng ma’noda insonning Robbisiga qilgan zulmi, o‘ziga qilgan zulmi va atrofdagi mavjudotlarga qilgan zulmini ham o‘z ichiga oladi. Insonning Robbisiga zulm qilishi — eng og‘ir ma’siyatdir. Bu — kufr va shirkdir. Shuning uchun hazrati Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib bunday deganlar: “Ey o‘g‘ilcham, Allohga shirk keltirma! Albatta shirk — juda katta zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirkning “katta zulm” deb atalishi sababi — u barcha haqlar ichidagi eng asosiysi — Allohning haqqiga taalluqli ekanidadir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi