Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Diniy idorada Usmon Mus'hafi matni tadqiq qilinmoqda

24.10.2025   103488   3 min.
Diniy idorada Usmon Mus'hafi matni tadqiq qilinmoqda

Shu yil 17 oktyabr kuni O‘zbekiston musulomonlari idorasi Kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Idoraning “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etdi.
 

Yig‘ilishda “Mo‘yi muborak” madrasa-muzeyida saqalanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafi matnini tadqiq qilishda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlarga urg‘u qaratildi. Xususan, Shayx Alijon qori Fayzulloh Hazrati Usmon Mus'hafi xatiga oid muhim qoida, qiroatlar va ularning yozilish qoidalari hamda Mus'hafi sharifni yozishda omonatdorlikka alohida e’tibor qaratish alohida ta’kidladi. Shuningdek, tadqiqotda amalga oshirish lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.


Hozirda maxsus reja asosida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini tadqiq qilish ishlari olib borilmoqda. Tadqiqotda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan: 
 

  1. Tadqiqot ishiga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona, “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi va Toshkent islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi xodimlari jalb etilgan.
  2. Hazrati Usmon Mus'hafi asl nusxasining elektron shakli tadqiqotning asosiy obyekti sanaladi.
  3. Hazrati Usmon Mus'hafining tanqidiy matni tayyorlanmoqda.
  4. Tanqidiy matn tayyorlashda Turkiya va Angliyada saqlanayotgan Usmon Mus'hafi nusxalaridan ham foydalanilmoqda.
  5. Har bir satr alohida yozilib, satrlar va oyatlar raqamlari qizil rangda ajratilib ko‘rsatilmoqda.
  6. Toshkentdagi Usmon Mus'hafining o‘ziga xos xususiyatlariga urg‘u berilmoqda.
  7. XIX asrda qog‘oz sahifaga ko‘chirilgan matnda uchrayotgan ayrim kamchiliklar snoskada qayd etilib, izohlab borilmoqda.
     

Ma’lumot o‘rnida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxonasida Qur’oni karim qo‘lyozma nusxalarining nodir namunalaridan biri  Hazrati Usmon Mus'hafi saqlanadi. Qur’oni karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lgan.
 

2023 yil 22 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish topshiriqlari bo‘yicha tuzilgan 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan.


Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi sa’y-harakati bilan mahalliy va xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Axelle Deleau va Coraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar ishtirokida Hazrati Usmon mus'hafini kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasi ishlab chiqildi.


Unga ko‘ra, “Yengil restavratsiya ishlari”ni amalga oshirishda Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olingan edi. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Diniy idorada Usmon Mus'hafi matni tadqiq qilinmoqda Diniy idorada Usmon Mus'hafi matni tadqiq qilinmoqda Diniy idorada Usmon Mus'hafi matni tadqiq qilinmoqda Diniy idorada Usmon Mus'hafi matni tadqiq qilinmoqda Diniy idorada Usmon Mus'hafi matni tadqiq qilinmoqda
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   6033   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari