Umra kirish vizalari endi berilgan sanadan boshlab uch oy emas, bir oy amal qiladi.
Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi Umra vizalarining amal qilish muddatini uch oydan bir oyga qisqartirdi. Biroq, mamlakatga kirgach, tashrif buyuruvchi uch oygacha qolishi mumkin.
Yangi qoidalar joriy yil noyabr boshidan kuchga kirdi. Bu o‘zgarish joriy yilda umra vizasini olish soni rekord darajaga chiqqani bilan bog‘liq bo‘lib, hozirgacha to‘rt milliondan ortiq xorijiy ziyoratchiga viza berilgan.
Yangi tizimga ko‘ra, ziyoratchi viza berilganidan so‘ng 30 kun ichida Saudiya Arabistoniga kirmasa, uning vizasi avtomatik ravishda bekor qilinadi.
Shu bilan birga, mamlakatga kirgandan keyingi uch oylik yashash muddati saqlanib qoladi.
Umra va ziyorat bo‘yicha Milliy qo‘mita maslahatchisi Axmad Bajayeyferning ta’kidicha, o‘zgarishlar yoz mavsumi tugagach Makka hamda Madinada havo salqinlashidan so‘ng ziyoratchilar sonining keskin ko‘payishiga tayyorgarlik sifatida kiritilgan.
Joriy yilning iyun oyida boshlangan Umra mavsumi tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi, besh oy ichida to‘rt milliondan ortiq xorijiy ziyoratchi Saudiyaga kelgan. Bu esa avvalgi butun mavsumlar natijalaridan ham yuqori bo‘lib, Umra ziyoratiga bo‘lgan jahon miqyosidagi talabning ortib borayotganini ko‘rsatadi.
T.Azimov tayyorladi
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati