Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Sentabr, 2026   |   13 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:12
Peshin
12:15
Asr
16:30
Shom
18:21
Xufton
19:36
Bismillah
24 Sentabr, 2026, 13 Rabi`us soni, 1448

Dunyo vasvasasidan saqlanish

14.11.2025   17651   2 min.
Dunyo vasvasasidan saqlanish

Allohning Rasuli sollallohu alayhi vasallam iymon keltirganlarga ushbu baqosiz dunyoga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni va bu masalani hech qachon aql ko‘zi va qalb ko‘zining diqqat e’tiboridan chetda qoldirmaslikni qayta-qayta eslab kelganlar. Gap bu yerda odamlarning dunyoda o‘zlarini yo‘lovchiday tutishlari haqida bormoqda. Bu eslatma bandani dunyoga ko‘r-ko‘rona muhabbat qo‘yishdan himoya qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu dunyoda g‘arib (musofir) va yo‘lovchiday bo‘ling. Va o‘zingizni dunyoni tark etganlar qatorida hisoblang. Tong otganda nafsingizga shom haqida, kech kirganda esa ertangi tong haqida gapirmang (ungacha yashayman deb chamalamang, kafolatingiz yo‘q). Kasallik kelguncha sog‘liqdan, qarilik kelguncha yoshlikdan, biror ish bilan band bo‘lguncha bo‘sh paytingizdan, o‘lim kelguncha yashab turgan hayotingizdan foydalaning! Haqiqatda ertaga sizni kim deb atashlarini[1] bilmaysiz” (Ibn Umardan rivoyat qilingan, Termiziy rivoyati).

Imom Junayd Bag‘dodiy quddisa sirruhudan:

– Qaysi ilmlar ko‘proq foydali? – deb so‘rashganida u zot quddisa sirruhu javob berdilar:

– Bu Seni Allohni tanish – ma’rifatullohga va nafsga itoat etmaslik yo‘liga eltuvchi bilimlardir. Foydali ilmlar o‘z sohibini shikastanafaslik, hilm, kamtarinlik (tavozu), nafs bilan betinim kurash, ko‘ngilni poklash yo‘lida riyozatlar chekish, o‘zini nazorat qilish, Allohdan qo‘rqish, dunyo matohlaridan va ularga intiluvchilardan ko‘ngil uzish yo‘liga olib boradi. Bunday ilmlar oz bilan qanoatlanishga, bu dunyoga mukkasi bilan ketganlardan uzoqlashishga, bu olami foniyni shu olamning boyliklari uchun yashayotganlarga qoldirishga, odamlarga samimiy ustoz va maslahatchi bo‘lishga, ularga nisbatan chiroyli muomala va mehribonlik ko‘rsatishga, tariqat ahllari bilan hamsuhbat bo‘lish kabi  narsalarga yetaklaydi”.

Ali ibn Tolib roziyallohu anhu mo‘minlarni bu o‘tkinchi dunyoning mevalari bo‘lgan hoyu havaslar girdobida mastu mahliyo bo‘lishlik, nafsning xohishlariga qul bo‘lishlik ofatidan ko‘p ogohlantirardilar:

“Siz uchun ikki sababga ko‘ra xavfsirayman: uzundan-uzoq orzu-havaslar girdobida qolishligingiz va nafsoniy talablarga erk berishlaringizdan. Shunday ekan, bu o‘tkinchi dunyoning emas, abadiy hayotning farzandlari bo‘ling!”.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Ertaga sizni o‘liklar yoki tiriklar orasida eslashlarini bilmaysiz. Muharrir.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

ULAR ASALARI MISOLIDIR

24.09.2026   1788   2 min.
ULAR ASALARI MISOLIDIR

Yurtimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvatlash borasida xayrli ishlar qilinmoqda. Xususan, har yili 1 oktyabr kunini “Ustoz va murabbiylar kuni” sifatida nishonlanadi. Zero, jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz-murabbiylarni har doim hurmatlashimiz zimmamizdagi burchlardan.

Insoniyat uchun foydali bo‘lgan har qanday ilm Islomda ardoqlanadi. Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan shunday deganlari rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘raganman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.

Bir kishi Rumiyning oldiga ta’ma bilan kelib: "Shahrimizda Shams Tabriziyni ko‘rdim", dedi. Mavlono ustozi haqidagi xabardan suyunib, egnidagi xirqasini haligi kishining yelkasiga yopdi. Buni ko‘rganlar xabar beruvchining yolg‘onchi ekaniga shahodat berishdi. Mavlono ularga dedi: "Men xirqamni uning yolg‘oniga berdim. Agar xabari chin bo‘lsa, jonimni berardim".

Bir ustoz bunday hikoya qiladi: Magistratura talabalaridan biri ma’ruza oxirida menga: «Doktor, darsdagi ma’ruzangizni eshitgan paytimizda uni tushunamiz va keyingi darsingizni intizorlik bilan kutamiz. Lekin uyga qaytib, darsliklarni o‘qisak, siz ma’ruza qilgan paytdagidek ruhiyatni topmaymiz» dedi. Men unga: «Asalari asalni nimadan oladi?» dedim. U: «Gullar shirasidan», dedi. Men: «Agar sen o‘sha gullarning birortasidan yesang, ta’mi qanday bo‘ladi?» dedim. U: «Achchiq bo‘ladi», dedi. Shunda men dedim: «Ustozning vazifasi ham shunga o‘xshaydi. Ustozlar “achchiq gullar”dan shirin va foydali “asal” chiqarib, talabalari oldiga qo‘yishadi», dedim.

Darhaqiqat, ustoz va murabbiylarning maqomlari ana shunday ulug‘ sanaladi. Ular ummatga, millatga asalari misoli xizmat qiladi. Shunday ekan, ularni haqqi ila ehtirom qilishda Parvardigori olam barchamizni sobit qilsin.

Barcha ustozlarga yaqilashib kelayotgan kasb bayramlari muborak bo‘lsin!

 

Xo‘jaobod tumanidagi “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi Muhammad Quddus ABDULMANNON tayyorladi.

Maqolalar