Samarqand tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattorov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor tadbirlarni mazmunli va samarali o‘tkazish bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng tumanning Mergancha mahallasidagi bemori va nogironi bor xonadonlarga kirilib, moddi-ma’naviy ko‘maklashildi. Samimiy muloqot va xayrli duolar qilindi.
***
Urgut tumanida o‘tkazilgan navbatdagi sayyor yig‘ilish doirasida “Xo‘ja Ubaydullo” jome masjidi hududi yanada ziyoratbop, ko‘rkam maskanga aylandi. Samarqand viloyati imom-xatiblari ishtiroki bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali ko‘chatlar ekilib, masjid atrofiga yana bir bor fayz va baraka o‘rnatildi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham ummatlarini yerni obod qilishga, ko‘chat ekishga, tabiatni asrashga da’vat etganlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Qiyomat qoim bo‘layotgan bo‘lsa ham, qo‘lingizda xurmo ko‘chati bo‘lsa, uni eking”, deya tavsiya qilganlar (Imom Ahmad rivoyati).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati