Yer yuzining 70 foizi ummonlar bilan qoplangan. Zangori dengizlarda turfa xildagi jonivorlar ajib bir uyg‘unlikda hayot kechiradilar. Ulardan biri delfinlardir.
Delfinning bo‘yi taxminan 2,5 metr va vazni 150 kgni tashkil etadi. Bunday og‘ir vaznga ega bo‘lishiga qaramay, delfinlar o‘ljalarini dengizda hech qanday qiyinchiliksiz tez ovlaydilar. Ularning silliq terilari suvda tez harakat qilish va suzish imkonini beradi.
Tez suzishga imkon beruvchi yana bir xususiyat bu burunlaridir. Ularning burunlari suvda juda tez suzishlari uchun qulay tarzda yaratilgan. Ularning bu holati odamlarni ham ilhomlantirgan va ular bu tirik mavjudotlarning tuzilishini o‘zlari yasagan kemalarda namuna sifatida qo‘llab kelmoqdalar.
Delfinlar suzish paytida muntazam ravishda nafas olish uchun suv yuzasiga chiqishlari kerak. Shuning uchun, boshqa baliqlardan farqli o‘laroq, ularning dumlari vertikal emas, balki gorizontaldir.
Delfinlar boshlarining yuqori qismida joylashgan teshik orqali nafas oladilar. Sho‘ng‘in paytida havo teshigi elastik “qopqoqlar” bilan avtomatik ravishda yopiladi. Nafas olish tizimiga suv ham, oziq-ovqat ham kira olmaydi.
Ular o‘z to‘qimalarida, ayniqsa mushaklarida kislorodni saqlash qobiliyatiga ega. Shu sababli, ular 200 metr chuqurlikda 10 daqiqa turishi mumkin.
Alloh taolo delfinlarga tovush to‘lqinlari yordamida tashqi dunyo bilan aloqa qilishga imkon beruvchi g‘oyatda murakkab va o‘ta aniq sezgi organlari tizimini ato etgan. Olimlar bu hodisani “exolokatsiya” deb ataydilar.
Tashqaridan kelayotgan aks-sadolar yordamida delfinlar dengiz tubidagi har qanday jismning shakli, o‘lchamlari, harakat tezligi va hatto ungacha bo‘lgan masofa haqida g‘oyatda aniq tasavvurga ega bo‘la oladilar.
Delfinlar ushbu noyob a’zolari yordamida juda katta hududni bir zumda, go‘yo dengiz tubining xaritasini tuzgandek o‘rganib chiqadilar. Ushbu misli ko‘rilmagan mukammal gidrolokatsiya tizimi yordamida delfinlar dengiz tubini go‘yo elektron skaner kabi suratga olib chiqadilar.
Bu qadar yuksak texnologiyali o‘ta aniq va nozik sistemaning go‘sht va suyaklardan yasalib, dengiz jonivorining tanasiga joylashtirilishi Alloh taoloning yaratish qudrati va hikmatiga inkor qilib bo‘lmas dalildir.
Zamonaviy suvosti kemalari ham xuddi ana shunday gidrolokator yordamida harakatlanadilar. Ammo suvosti kemalari uchun yigirmanchi asrdagina ishlab chiqilgan texnologiyadan delfinlar ming yillardan beri foydalanib kelmoqdalar.
Delfinlar o‘z gidrolokatorlaridan aloqa vositasi sifatida ham foydalanib, o‘zaro ajoyib muloqot tizimini tashkil qiladilar. Masalan, ular bir-birlari bilan 220 km masofada turib ham bemalol aloqa o‘rnata oladilar. Delfinlar ushbu aloqa vositasidan asosan o‘z juftlarini topishda va bir-birlarini xavf-xatardan ogohlantirishda foydalanadilar.
Delfinlarning ko‘zi yana bir ajoyib xususiyatga ega. Ularning ikki ko‘zi bir paytning o‘zida ikki tomonga qaray oladi. Masalan, u o‘zi suzib ketayotgan tomonni ham va ayni paytda yon tomonni ham ko‘rib turadi, chunki yon tomondan akulalar to‘dasi hujum qilib qolishi mumkin.
Bundan tashqari, delfinlar zarur paytda bir ko‘zini yumib olishi ham mumkin. Bu paytda miyaning yarmi uyquga cho‘madi. Keyin u ikkinchi ko‘zini yumib, miyaning ikkinchi yarmiga ham dam berishi mumkin. Shu tariqa delfinlar hech qachon uxlamaydi, balki doimo uyg‘oq va sergak yuradi.
Davron NURMUHAMMAD
Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni ishonchli manbalarga asoslangan bilim bilan ta’minlashda imom-xatiblarning o‘rni muhim. Minbarda aytilgan har bir so‘z ilmiy asos va ishonchli manbaga tayanishi uchun esa diniy soha vakillarining muntazam ravishda bilimlarini boyitib borishi talab etiladi. Ana shu maqsadda Namangan viloyatidan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markaz bugun uch ming yillik tariximizni namoyish etuvchi muzey sifatidagina emas, balki keng qamrovli ilmiy-tadqiqot maskani sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunga qadar ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkichlar Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyatini namoyon etadi.
Tashrif Markaz kutubxonasidan boshlandi. Mehmonlar bu yerda jamlangan mumtoz manbalar, islom tarixi, aqida, fiqh, hadis va tafsir ilmlariga oid nashrlar, tabiiy va aniq fanlar tarixiga oid tadqiqotlar hamda elektron resurslar bilan tanishdilar. Tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng imom-xatiblar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni tomosha qildilar. Ular orqali yurtimiz hududida asrlar davomida shakllangan ilmiy, ma’naviy va madaniy merosning yaxlit manzarasi bilan tanishdilar.
Namangan viloyati Norin tumani bosh imom-xatibi Zikrillo qori Umurzoqov ekspozitsiyalarda ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi turli yo‘nalishlarda yaxlit holda namoyon etilganiga alohida e’tibor qaratdi.
«Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek millati tarix davomida qanday yuksak marralarni egallaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Ajdodlarimiz nafaqat matematika, astronomiya, tibbiyot kabi dunyoviy ilmlar, balki diniy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarda ham butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu yerda ana shu merosni ko‘rib, o‘z tariximiz bilan haqli ravishda faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchayadi», — dedi u.
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Is'hoqxon To‘ra Ibrat» jome masjidi imom-xatibi Jafarxon So‘fiyev esa Markazni mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etdi.
«Bugun yurtimizda muqaddas dinimizga, sivilizatsiyalar tarixiga va umuman, umuminsoniy merosga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Mana shunday ulkan maskan bunyod etilgani buning yorqin isbotidir. Bu yerda islom tarixi boshqa sivilizatsiyalardan ajratilgan holda emas, balki butun insoniyat taraqqiyotining uzviy qismi sifatida ko‘rsatilgan. Bunday yondashuv har bir tashrif buyuruvchiga tariximizni kengroq anglash, boshqa xalqlar madaniyatini hurmat qilish va bag‘rikenglikni qadrlash imkonini beradi», — dedi u.
Tashrif yakunida imom-xatiblar Markazda olgan bilim va taassurotlarini o‘z hududlaridagi jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Ilmiy resurslardan diniy-ma’rifiy faoliyatda keng foydalanish, ajdodlarimiz merosini ishonchli manbalar asosida targ‘ib etish yosh avlodning tarixiy ongi va ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.
Zero, tarixiy va ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni ishonchli manbalar asosida keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi avlodga munosib tarzda meros qoldirish Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashning muhim omillaridan biridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati