Sayt test holatida ishlamoqda!
08 May, 2026   |   20 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:12
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:31
Xufton
20:56
Bismillah
08 May, 2026, 20 Zulqa`da, 1447
Yangiliklar

2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida

24.12.2025   20734   3 min.
2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

1. Quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin:

(a) 2025 yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) 31 dekabr – chorshanba;

(b) 2026 yilda:

(i) barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar):  2 yanvar – juma, 28 may – payshanba, 29 may – juma, 31 avgust – dushanba;

(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvar – shanba, 30 may – shanba, 31 dekabr – payshanba.

2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:

(a) ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026 yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21 mart – Navro‘z bayrami hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026 yil 9 mart, 23 mart va 11 may – dushanba kunlariga ko‘chirilishi;

(b) ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026 yilda 12 dekabr – shanba kunidan 31 dekabr – payshanba kuniga ko‘chirilsin.

4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:

(a) Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin;

(b) O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin;

(v) “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin.

5. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:

(a) mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;

(b) uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.

6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PQ–452-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2027 yil 1 yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi

07.05.2026   4328   1 min.
Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi

Bugun, 7 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan dildan suhbat qurdi.


Muloqot avvalida Homidjon domla yurtimizda yoshlarning bilim olishi va kasbiy yuksalishi uchun yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, Diniy idorada ham yosh mutaxassislarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo ekanini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Idoraning shonli tarixiga nazar tashlab, 1943 yilda "Baroqxon" madrasasida boshlangan faoliyat 2007 yilda "Hazrati Imom" majmuasiga, 2026 yilga kelib esa muhtasham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangi binosiga ko‘chganini so‘zlab berdi. 

Suhbat davomida bugungi tinchlik va taraqqiyot ajdodlarimizning duolari va mehnatlari samarasi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Diniy idora nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlarda ham yuksak ehtirom bilan tilga olinadigan dargoh bo‘lib, bu yerda faoliyat yuritgan ulug‘ ulamolarning xizmati beqiyos ekani qayd etildi. 

Homidjon domla yoshlarni ularga nasib etgan mana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanishga, o‘z bilim va malakalarini tinimsiz oshirib, din va millat rivoji uchun bor kuch-g‘ayratini sarflashga chaqirdi.

Uchrashuv yakunida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda ma’rifat ziyosi yanada keng yoyilishini so‘rab xayrli duolar qilindi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi Diniy idora yoshlari bilan muloqot o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari