Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov boshchiligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida Buxoro viloyati hokimligi vakillari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita viloyat mutaxassislari, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tuman va shahar imom-xatiblari hamda otinoyilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar kitobda inson qadrini ulug‘lash g‘oyasining mazmun-mohiyati, uning jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy hayotida tutgan o‘rni hamda tarbiyaviy ahamiyati xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Inson qadri” kitobi taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati