4 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdullohxon domla Samatov va Kosonsoy tumanida faoliyat yuritayotgan imomlar ishtirokida diniy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan kosonsoylik talaba-yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ilm-ma’rifatning ahamiyati, shuningdek, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va bilimli avlodni tarbiyalash borasida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar xususida fikr almashildi. Talabalarga ta’limni yakunlagandan so‘ng o‘z tumanlarida masjid va mahallalarda imom-xatib, imom-noib hamda otinoyi sifatida xizmat qilishlari muhim ekani ta’kidlandi.
Abdullohxon domla yoshlarni ota-ona va ustozlar ishonchini oqlab, yurt va xalq manfaati yo‘lida fidokorona xizmat qilishga chorladi. Uchrashuv yakunida talabalarga o‘qishlarida muvaffaqiyat tilab duolar qilindi.
Shuningdek, homiylar ko‘magida 3 nafar talabaga o‘quv shartnoma uchun sertifikatlar topshirildi. Barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va hadiyalar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Er: Asr namozini o‘qidingmi?
Xotin: Yo‘q.
Er: Shom namozini o‘qidingmi?
Xotin: Yo‘q.
Er: Nima uchun?!
Xotin: Ishdan juda charchab keldim va ozgina uxlab qolibman...
Er: Yaxshi... Bor, Xuftonga azon aytilguncha Asr va Shom namozlarini o‘qib ol.
Ertasi kuni... Er xizmat safariga jo‘nab ketdi. Odatda u manzilga yetib borishi bilan qo‘ng‘iroq qilar yoki xabar yo‘llab qo‘yardi. Ammo oradan bir necha soat o‘tsa hamki, undan darak bo‘lmadi.
Ayol xavotir olib, eriga qo‘ng‘iroq qila boshladi... Javob yo‘q. Qayta qo‘ng‘iroq qildi, telefon chaqiryapti, lekin ko‘tarmayapti.
Ayolning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi! Bu uning odati emas edi-ku. Bir marta, ikki marta, uch marta qo‘ng‘iroq qildi... Foydasi yo‘q!
Bir necha soatdan keyin erning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi.
Ayol hayajon bilan: Eson-omon yetib oldingizmi?
Er: Ha, yetib keldim, Alhamdulillah.
Ayol: Qachon yetib bordingiz?
Er: Taxminan 4 soat oldin.
Ayol g‘azab bilan: 4 soat oldin?! Nega menga qo‘ng‘iroq qilmadingiz?
Er: Juda charchab kelgandim, ozgina uxlab qolibman...
Ayol: Menga ikki og‘iz gapirish sizni charchatib qo‘ymasdi-ku... Keyin, men qo‘ng‘iroq qilganimda telefon ovozini eshitmadingizmi?!
Er: Eshitdim...
Ayol: Eshitib turib javob bermadingizmi?! Nima uchun? Nahotki men siz uchun ahamiyatsiz bo‘lsam?
Er: Aksincha... Lekin sen ham kecha azonni — Allohning nidosini eshitganingda unga beparvo bo‘lganding-ku...
Ayol (ko‘z yoshlarini tiyib, biroz sukutdan so‘ng): Ha... Siz haqsiz... Meni kechiring...
Er: Kechirim so‘raladigan zot men emasman. Allohdan mag‘firat so‘ra va boshqa bu ishni takrorlama. Zero, mening eng katta orzuim — Alloh bizni Jannatdagi qasrlarda go‘zal hayot ila jamlashidir.
O‘sha kundan boshlab ayol birorta namozini qazo qilmadi.
Sizni haqiqiy yaxshi ko‘rgan inson — sizni Alloh sari yetaklaydigan va ortga qaytishingizga yo‘l qo‘ymaydigan insondir.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV