Bismillahir Rohmanir Rohiym
BORLIQ… INSON
Aqliy dalillar haqida gap ketar ekan, avvalo borliq haqida tafakkur qilishimiz kerak. Chunki osmon va yulduzlar, oy-u quyoshni har kuni ko‘ramiz, ularning borligini hech kim inkor qilmaydi.
Ma’lumki, borliq insoniyat yaralishidan oldin paydo bo‘lgan. Buni hech kim inkor qilmasa kerak. Dunyoda koinotdan oldin inson paydo bo‘lgan degan gapni aytadiganlar yo‘q.
Aksincha, borliq insoniyat paydo bo‘lishidan ancha oldin ham bor bo‘lganini, uning insoniyat uchun qulay bir sharoitga keltirilganini hamma biladi. Nafaqat qulay qilib qo‘yilgan, balki insonga nisbatan ancha kuchli qudratga ega yaralmishlar ham aynan insoniyat xizmatiga bo‘ysundirib qo‘yilgan. Yana shunday narsalar borki, inson o‘z mehnati, kuch-g‘ayratini sarflagandagina ulardan unumli foydalana oladi.
Demak, bu dunyo biz uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan ekan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُمْ مَا فِي الْأَرْضِ جَمِيعًا ثُمَّ اسْتَوَى إِلَى السَّمَاءِ فَسَوَّاهُنَّ سَبْعَ سَمَوَاتٍ وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ﴾
“U yerdagi barcha narsalarni sizlar uchun yaratgan Zotdir. So‘ngra osmonga nazar soldi va uni yettita osmon qilib qo‘ydi. U barcha narsani bilur” (Baqara surasi, 29-oyat).
Bu masalada biror kimsa qarshi fikr bildira olmaydi. Aniq bo‘ldiki, borliq insoniyat paydo bo‘lishidan oldin bor bo‘lgan va bu sharoitlar boshqa bir Kuch tomonidan tayyorlangan. Chunki inson dunyoga kelmay turib o‘zi uchun sharoit yarata olmaydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
﴿وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً﴾
“Va Robbing farishtalarga “Men yerda xalifa qilmoqchiman” deganini esla” (Baqara surasi, 30-oyat).
Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, borliq inson paydo bo‘lishidan oldin bashariyat uchun tayyorlab qo‘yilgan. Zotan Alloh taolo insonni yaratishdan oldin “yerda” demoqda. Bundan yer yuzi insoniyat paydo bo‘lishidan oldin bor bo‘lgani oydinlashdi.
Demak, dastlabki xulosamiz bunday bo‘lishi kerak: Alloh taolo O‘z qudrati ila bu borliqni yaratgan va uni yartishda biror kimsaning yordamiga muhtoj bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Aksincha, biz U zotga muhtoj bo‘lganimiz uchun paydo bo‘lishimizdan oldin yer yuzi bizga qulay holda tayyor qilib qo‘yilgan.
Bilamizki koinotdagi ulkan sayyora va jismlarni boshqarishga kuchimiz yetmaydi. Barcha insonlar birlashib ham ularni o‘z izmlariga sololmaydilar. Birgina quyoshni boshqarish ham qo‘llaridan kelmaydi. Yer, tog‘lar, dengizlar ham shunday. Ularni boshqara olmaymiz.
Demak, bu narsalar ham biz uchun tayyorlangan. Hech kim oldindan insoniyat uchun ularni qulaylashtirib qo‘ymagan. Quyosh o‘z holicha harakatlana olmaydi. Havo ham o‘zi xohlagan tomonga esa olmaydi. Yomg‘ir ham o‘zi xohlab yog‘a olmaydi. Yer ham o‘zi xohlagan yerda nabototlarni undirib, xohlagan joydan buni man qila olmaydi.
Shuningdek, birorta inson bu narsalarni boshqarishni o‘zining daxli borligini da’vo qila olmaydi. O‘zi haqida fikr yuritgan inson ham bunday xilqat o‘zicha paydo bo‘lmaganini, balki buyuk Yaratuvchi tomonidan ijod qilinganini anglaydi.
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Shihobdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Banda sadaqasini go‘zal qilsa, Alloh uning orqasidan qoladiganlarga o‘rinbosarni go‘zal qiladi”, dedilar.
Sharh: Bir umr sadaqa qilib o‘tgan odam vafot etsa, orqasidan qolgan farzandlarining ta’minotiga Alloh taoloning O‘zi kafil bo‘lar ekan. Bu farzandlar otalari sadaqani ko‘p qilgani sababidan, bu xayrli ishning sharofatidan uning vafotidan keyin ham Alloh taoloning rioyasida bo‘lar ekanlar.
قَالَ عَبْدُ اللهِ: السَّكِينَةُ مَغْنَمٌ، وَتَرْكُهَا مَغْرَمٌ، وَالصَّلَاةُ نُورٌ، وَالصَّدَقَةُ بُرْهَانٌ، وَالصَّوْمُ جُنَّةٌ حَصِينَةٌ، وَالنَّاسُ غَادِيَانِ فَبَائِعُ رَقَبَتِهَا فَمُوبِقُهَا، أَوْ مُفَادِيهَا فَمُعْتِقُهَا.
Abdullohdan rivoyat qilinadi: “Sokinlik o‘ljadir. Uni tark qilish yo‘qotishdir. Namoz nurdir. Sadaqa burhondir. Ro‘za metin qalqondir. Odamlar ikki turlidir. Jonini sotib, halok qiluvchi va fidya to‘lab, qutqarib oluvchi”.
Sharh: Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan keltirilayotgan ushbu rivoyatdagi gaplar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan olinganiga hech shubha yo‘q. Unda qisqa iboralar ila ulkan ma’nolar ifoda etilgandir.
1. «Sokinlik o‘ljadir. Uni tark qilish yo‘qotishdir».
Kim sokin bo‘lsa, shoshqaloq bo‘lmasa, xotirjamlik bilan ish tutadigan bo‘lsa, katta o‘ljani olgan bo‘ladi.
Sokinlikni qo‘yib, shoshqaloq bo‘lish ochiq-oydin zarar, katta yo‘qotishdir.
2. «Namoz nurdir».
Namozning nur ekanligi avvalo banda vafot etib, qabrga ko‘milganda, uning qorong‘i qabrini yoritishi bilan bo‘ladi.
Namozning nur ekanligi keyinchalik, qiyomat qorong‘isida o‘z egasiga yo‘l ko‘rsatuvchi nur bo‘lishi bilan bo‘ladi.
O‘lim – haq, har birimizning vafot etishimiz bor. Yaqinlarimiz bizning har birimizni qabrga eltib, ko‘mib, yolg‘iz tashlab ketishi bor. Ana shunda qabr zulmatida azob tortmaylik desak, namoz o‘qiylik. O‘qigan namozimiz qabrimizda nur bo‘lib, atrofimizni yoritib, ko‘nglimizni xushnud qilib tursin.
Qiyomat kuni – haq, bir kun kelib, u albatta qoim bo‘lajak! Uning to‘s-to‘poloni, dahshatli zulmatida qolishimiz turgan gap. O‘sha paytda hech narsani ko‘rmay, qoqilib-surilib yurmaylik desak, namoz o‘qiylik! Shoyad, o‘sha o‘qigan namozimiz qiyomat zulmatida nur bo‘lib porlab, atrofimizni, yo‘limizni yoritib tursa!
3. «Sadaqa burhondir».
Mo‘min kishi tomonidan bu dunyoda o‘z mol-mulkidan qilgan sadaqasining burhon bo‘lishi bir necha xil bo‘ladi.
Avvalo mol-mulkidan savob umidida sadaqa qilish kishi iymonining tasdig‘i uchun hujjatdir. Chunki iymonsiz, munofiq odam sadaqa qilmaydi. Qiyomat kuni mo‘min bandadan mol-mulkini nimaga sarf qilgani haqida so‘ralsa, bu dunyoda qilgan sadaqasi unga burhon – hujjat bo‘ladi.
Yana bir gaplarga qaraganda, bu dunyoda sadaqa qilib yurgan kishilarga qiyomat kuni alohida burhon – belgi qo‘yilar ekan. Ana shu belgini ko‘rgandan keyin ulardan «Molingni nimaga sarf qilding?» deb so‘ralmas ekan.
Qarang, sadaqa qilish qanchalar yaxshi ish! Alloh taolo bergan mol-dunyoni Uning yo‘lida sadaqa qilgan banda shunchalar baxt-saodatga muyassar bo‘lar ekan. Bu ham Alloh taoloning mo‘min-musulmonlarga ko‘rsatgan lutfu karami. Faqat bu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak, xolos. Mol-mulkimizdan oz bo‘lsa ham, muhtoj birodarlarimizga sadaqa qilaylik. Shoyadki, o‘sha qilgan sadaqamiz iymonimizning tasdig‘i bo‘lsa, qiyomat kuni mol-mulkni nimaga sarf qilganimiz haqida so‘ralganimizda, bizga hujjat bo‘lsa yoki siymomizdagi bir alomat bo‘lib, bu savoldan qutqarib qolsa.
4. «Ro‘za metin qalqondir».
Ha, ro‘za insonni turli yomonliklardan saqlovchi metin qalqondir.
Ro‘za ro‘zadorni turli yomon ishlardan va gap-so‘zlardan saqlovchi metin qalqondir.
Shahvatga berilishdan saqlovchi metin qalqondir.
Yomon axloqlardan saqlovchi metin qalqondir.
Turli-tuman kasalliklardan saqlovchi metin qalqondir.
5. «Odamlar ikki turlidir. Jonini sotib, halok qiluvchi va fidya to‘lab, qutqarib oluvchi».
Ya’ni bu dunyoda har bir inson sa’y-harakat qilib o‘tadi. U ana shu sa’y-harakati ila xuddi o‘z jonini savdoga qo‘yuvchi kishiga o‘xshaydi. Savdosi esa bu dunyoda qilgan amali bo‘ladi. Agar banda yaxshi amal qilgan bo‘lsa, uning evaziga yaxshilik oladi. Unday odam o‘z jonini do‘zaxdan ozod qiluvchidir. Agar banda yomon amal qilgan bo‘lsa, uning evaziga yomonlik oladi. Unday odam o‘z jonini halok qiluvchi bo‘ladi. Ya’ni har kim nima qilsa, o‘ziga qiladi.
Biz ham bu dunyoda o‘shanday harakat qiluvchi, jonimizni savdoga qo‘yuvchi bandalarmiz. Har birimiz yaxshi amalni iloji boricha ko‘p qilib, o‘z jonimizni ular evaziga sotib olib, do‘zaxdan ozod qilishga harakat qilaylik. G‘aflat uyqusida savdoni noto‘g‘ri qilib, yomon ishlar bilan jonimizni halok qiluvchi, do‘zaxga tushiruvchi bo‘lmaylik!
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Sokinlik fazilat ekani.
2. Sokinlikni tark qilish yaxshi emasligi.
3. Namoz bandaning ikki dunyosini yorituvchi nur ekani.
4. Ro‘za bandani turli yomonliklardan saqlovchi metin qalqon ekani.
5. Odamlar ikki toifaga bo‘linishi.
6. Jonini bu dunyo uchun sotgan banda halokatga uchrashi.
7. To‘lovini to‘lab, ya’ni ko‘plab yaxshi amallar qilib, jonini qutqarib qolish payidan bo‘lish zarurligi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 2-juz.