Bismillahir Rohmanir Rohiym
QUR’ONI KARIMDA TAVAKKUL QILISHNING FAZLI
Qur’oni karimni tavakkul qilishga undashi, uning ahlini madh etishi hamda dunyo va oxiratda foydasi, fazlini bayon qilishi xayratlanarli narsa emas.
ALLOH TAOLO RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNI TAVAKKUL QILISHGA BUYURDI
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tavakkul qilishga Qur’oni karimning to‘qqiz oyatida buyurgan.
Makkiy oyatlarda:
Madaniy oyatlarda:
5. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkul qil. Albatta, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevadir.[5]
6. Ular, itoat, derlar. Huzuringdan chiqqach esa, bir toifalari aytganingdan boshqaga xufyona til biriktiradilar. Alloh xufyona til biriktirgan narsalarini yozib qo‘yadi. Bas, ulardan yuz o‘gir va Allohga tavakkul qil. Vakillikka Allohning O‘zi kifoya qilur.[6]
7. Agar ular tinchlikka moyil bo‘lsalar, sen ham moyil bo‘l. Va Allohga tavakkul qil. Albatta, U eshitguvchi va bilguvchi zotdir.[7]
8. Va faqat Allohga tavakkul qil. Vakillikka Alloh kofiydir.[8]
9. Kofir va munofiqlarga itoat etma. Ularning ozorlariga parvo qilma. Allohga tavakkul qil. Vakil bo‘lishga Allohning O‘zi kifoyadir[9].
Shuningdek, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning tavakkul qilishlariga farmon “vakil tut” ko‘rinishida ham kelgan:
﴿رَبُّ الْمَشْرِقِ وَالْمَغْرِبِ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ فَاتَّخِذْهُ وَكِيلًا﴾
“U mashriqu mag‘ribning Robbisidir. Undan o‘zga ibodatga sazovor iloh yo‘q. Bas, Uni o‘zingga vakil tut”[10].
Qur’ondagi ushbu oyatlar ne’mat egalarini kazzoblarga yo‘liqqanda Allohga tavakkul qilish bilan yordam so‘rashga, aytgan so‘zlariga sabr qilishga va ularni go‘zal tark qilishga undaydi.
Alloh taolo Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga tavakkul qilishlarini e’lon qilishga ham bir necha marta buyurgan:
﴿فَإِنْ تَوَلَّوْا فَقُلْ حَسْبِيَ اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَهُوَ رَبُّ الْعَرْشِ الْعَظِيمِ﴾
«Bas, yuz o‘girib ketsalar, sen: “Menga Allohning O‘zi yetarli. Undan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘q, Unga tavakkul qildim, U ulug‘ arshning Robbisidir”, degin»[11].
Ma’lumki, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga buyurilgan ushbu ishlarning hammasi mukallaf (voyaga yetgan, aqli raso) bo‘lgan ummatning barchasiga ta’luqlidir. Biz buni faqatgina xos insonlarga demaymiz, xuddiki:
﴿وَأَقِمِ الصَّلَاةَ طَرَفَيِ النَّهَارِ وَزُلَفًا مِنَ اللَّيْلِ إِنَّ الْحَسَنَاتِ يُذْهِبْنَ السَّيِّئَاتِ ذَلِكَ ذِكْرَى لِلذَّاكِرِينَ﴾
“Kunduzning ikki tarafida va kechaning bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa, eslovchilarga eslatmadir”[12] oyatini xos insonlarga demaganimizdek. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamga buyurilgan tavakkul barcha ummat uchundir.
Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitoblaridan
[1] Furqon surasi, 58-oyat.
[2] Hud surasi, 123-oyat.
[3] Shu’aro surasi, 217-220-oyat.lar.
[4] Naml surasi, 79-oyat.
[5] Oli-Imron surasi, 159-oyat.
[6] Niso surasi, 81-oyat.
[7] Anfol surasi, 61-oyat.
[8] Ahzob surasi, 3-oyat.
[9] Axzob surasi, 48-oyat.
[10] Muzzammil surasi, 9-oyat.
[11] Tavba surasi, 129-oyat.
[12] Hud surasi, 114-oyat.
Johilga itoat qilma, salomat bo‘lasan, oqilga itoat qil, o‘ljali bo‘lasan.
Izoh. Johil sizni eshitmasdan turib javobga shoshiladi, sizni tushunmasdan oldin bahsga kirishadi, bilmagan narsasi bilan hukm qiladi, foidasiz gapiradi, noloyiq joyga sarflab, sarflash kerak bo‘lgan o‘rinda xasislik qiladi, egasidan boshqaga sirni ochadi, noo‘rin g‘azablanadi, do‘st bilan dushmanni ajratmasdan do‘stini yo‘qotadi, dushmanini ko‘paytiradi, faqat o‘zini mutlaq haq deb biladi, o‘z xatolari uchun o‘zgani malomat qiladi, uzundan-uzoq orzu-havaslar bilan tavba umidida bo‘ladi, amal qilmasdan amalning savobini ko‘zlaydi. Endi ayting, bunday kimsaga itoat qilgan kishi salomat qolishi mumkinmi?!
Oqil kishi tajriba va foydali ilm bilan ziynatlanadi, haqni gapiradi yoki sukut saqlaydi, ahdiga vafo qiladi, amali iymoniga guvoh bo‘ladi, xolislik uning yashash tarzi, riyo uning tabiatiga yot, u aldamaydi ham, aldanmaydi ham, haromdan qochadi, shukr va qanoat uning doimiy hamrohi, qadami mudom rozilikda, muvaffaqiyat bilan muvaffaqiyatsizlik uning uchun barobar, balki hamisha sergak va hushyor! Bunday insonga itoat qilgan kishi adashadimi? Zinhor unday emas! Unda baraka bor, baraka bor joyda esa foyda ko‘pdir.
Aql, adab, fikr, tajriba va nasab egalari bilan hamsuhbat bo‘l. Chunki oqil bilan hamsuhbat bo‘lish – ulug‘lanish, johil bilan kelishuvga borish esa sharmandalikdir.
Izoh. Oqil bilan hamsuhbat bo‘lsang, muhimni nomuhimdan ajratishni o‘rganasan. Adab egasi bilan bo‘lgan suhbating narsalarga munosabatingni o‘zgartiradi. Mutafakkir insonning suhbati seni yuksaklarga chorlaydi. Suhbatdoshing tajribali bo‘lsa, muammolardan chiqish yo‘li osonlashadi. Nasabi ulug‘ kishilar bilan suhbatlashsang, qalbing yorishadi. Oqil inson bilan qancha ko‘p suhbat qursang, shunchalik manfaat topasan. Johilning aytganiga ko‘nsang, xaloyiq oldida uyatga qolasan. Oxiratda Alloh huzurida sharmanda bo‘lasan.
Qancha hazillar bor, so‘ngida jiddiy bo‘lib qaytadi.
Izoh. Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytadi: “Allohdan qo‘rqinglar, hazil-huzuldan saqlaninglar! Chunki hazilning tagi zil, undan kek va gina paydo bo‘ladi. Qur’ondan gapiringlar, Qur’on bilan majlislaringizni bezanglar. Agar og‘irlik qilsa, hadis bilan mashg‘ul bo‘linglar”.
Kim zamonga ishonsa, zamon unga xiyonat qiladi. Kim zamondan o‘zini ulug‘ tutsa, zamon uni xor qiladi.
Izoh. Umr – ulug‘ ne’mat. Bu ne’mat tug‘ilganimizdan to vafotimizgacha davom etadi. Zamon ichida yashaymiz, uning havosidan nafas olamiz, rangidan rang olamiz, lekin unga suyanib qolmaymiz.
Mazax qilishni tashlang, chunki u ginayu adovatlarni meros qoldiradi.
Izoh. Umar roziyallohu anhu aytdi:
– “Mazax” so‘zining nima uchun “mazax” deya nomlanishini bilasizmi?
– Yo‘q, – deyishdi hamrohlari.
– Chunki mazax kishini haqdan azah qiladi (ya’ni haqdan chalg‘itadi), – dedi Umar roziyallohu anhu.
Muhammad ibn Omir SHIBRAVIYning “Unvonul bayon” asaridan Rashid ZOHID tarjimasi
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 12-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws