Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: “Ummatimdan yetmish mingi jannatga hisobsiz kirurlar. Ular shumlanmaydigan, dam solishni talab qilmaydigan, tamg‘a qizdirib bosmaydigan va Robbilariga tavakkal qiladigan kimsalardir”. Shu hadisda jannatga hisob-kitobsiz kiradigan bandalar 70 ming deb aytilgan ekan. Faqat shu miqdordagi inson hisob-kitobsiz jannatga kiradimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, unday emas. Chunki bir hadisda 70 ming soni ishlatilgan bo‘lsa, boshqa rivoyatlarda 70 mingdagi har bir mingga yana yetmish ming, yana bir rivoyatda yetmish mingning har biriga yetmish ming ummat qo‘shilishi aytilgan. Ya’ni adadlar turlicha kelgan. Savolda keltirilgan hadis sharhida muhaddis ulamolar bu yerdagi adad cheklash uchunmi yoki ko‘plikni ifodalash uchun ishlatilganmi deb bahs yuritganlar va aksar ulamolar bu adad ko‘plik uchun ishlatilgan deganlar.
Chunki Alloh taolo Tavba surasining 80-oyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Agar ular uchun yetmish marta istig‘for aytsangiz ham, Alloh hargiz ularni mag‘firat qilmas” degan so‘zidagi yetmish ko‘plikni ifodalaydi, undan ko‘p miqdorda istig‘for aytilsa ham, Alloh taolo ularni kechirmasligini boshqa oyatda aytgan.
Demak, rivoyatlarda kelgan adadlardan murod ko‘plik ma’nosi ekani hadisi sharifda zikr qilingan sifatlarga ega har bir mo‘min shu maqomga ega bo‘lishini anglatadi va jannatga hisobsiz kiruvchi mo‘minlar soni ma’lum bir sanoqqa cheklanmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Muborak Ramazon oyi arafasida Urganch tumani ahli uchun chinakam ma’naviy tuhfa taqdim etildi. Zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan “Qambar bobo” jome masjidining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Xorazm viloyati bosh imomi Xayrulla domla Abdullayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi masjid bilan qutladi va masjidlarni obod qilishning ulkan ajru savoblari haqida so‘zladi.
800 nafar namozxonga mo‘ljallangan ushbu muhtasham maskan yurtimizdagi xayrli bunyodkorlik ishlarining yorqin namunasi bo‘ldi.
Tadbir yakunida nuroniylar va jamoatchilik vakillari tomonidan yurt tinchligi hamda ushbu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqqiga xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati