Bu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi. Insonda shuncha katta-katta nuqsonlar bor ekan. Agar bu nuqsonlar biror mashinada bo‘lsa, uni birov sotib oladimi? Hech kim sotib olmaydi. Bunga shoir ajoyib she’r bitgan:
Tu bo ilmi azal maro diydi,
Diydi ongah, bo ayb bixaridi.
Tu bo ilmi onu man bo ayb hamon,
Rad makun, onchi xud pisandiydi.
Tarjima
Azal ilming ila meni bilding,
Ayb ila ko‘rib ham meni olding.
Senda o‘sha ilm, menda nuqson hanuz,
Qaytarmagin, nimani yaxshi ko‘rding.
Bu yerda ixtiyor qilishdan murod Alloh taolo bandalarining shuncha ayb- nuqsonlariga qaramasdan O‘zining fazlu karami bilan savdo qilib, ahdnoma yozadi va uni barchaga e’lon qiladi:
«Albatta, Alloh mo‘minlardan ularning jonlari va mollarini jannat evaziga sotib oldi» (Tavba surasi, 111-oyat).
“Jannat” deganda faqatgina go‘zal bog‘larni tushunmaylik. Balki jannatda Alloh taoloning diydori nasib bo‘ladi. Xuddi Alloh taolo bizning jon va mollarimizni O‘zining diydori evaziga sotib oladi. Chunki bu dunyoda Uni ko‘rib bo‘lmaydi. Subhanalloh! Qanchalik qimmat savdo qildi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning "Ilohiy ishq" kitobidan
Nodir Odinayev tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyoda hech narsa abadiy emas,
Sizga yetgan zarar-da ko‘p qololmas.
Hayotingizga yaxshilik umidi bilan boqing. Chunki hayot Allohning sizga bergan hadyasi, ushbu ulug‘ hadyani xursandchilik ila qabul qiling. Porloq tongni go‘zal tabassumi, tunni sokinligi, kunduzni buyukligi va ziyosi bilan qarshi oling. Toza suvdan shukr qilib foydalaning, havodan surur ila nafas oling, gulni tasbeh aytib hidlang va koinot haqida tafakkur qiling.
Atrofingizdagi go‘zallikni gullar bog‘lamida, atirgulning chiroyi, shabada esishi, bog‘larning xushbo‘y isi, quyoshning iliqligi va to‘lin oyning ziyosidan topa oling. Ushbu ne’mat va tortiqlarni Allohga ibodat etishda o‘zingizga quvvat zahirasi qiling, U Zotga shukr qilib, hamdu sano ayting.
Sizni tushkunlikning qo‘rqinchli tushlari va g‘am-tashvish qo‘shinlari ushbu ne’matlarni ko‘rishdan to‘sib qolishi, so‘ngra siz ne’matlarni inkor etadigan bo‘lib qolishingizdan saqlaning. Shuni bilingki, bandalarga rizq beruvchi Zot ushbu ne’matlarni Uning toatiga quvvat olishga sarflash uchun yaratgan. U zot aytadi:
﴿يَا أَيُّهَا الرُّسُلُ كُلُوا مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحًا إِنِّي بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ﴾
“Ey Payg‘ambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni o‘ta bilguvchiman” (Mo‘minun surasi, 51-oyat).
Shu’la: Saxiylikning eng pok va eng afzali hech narsaga ega bo‘lmagan, lekin tabbasum va shirin so‘zning qadriga boradiganlarda bo‘ladi. Qanchadan-qancha qancha insonlar infoq-ehson qilishadi, lekin ularning qilgan yaxshiliklari xuddi yuzga urgandek bo‘ladi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan