#xabar #zakot #fitr #fidya
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining milodiy 2026 / hijriy 1447 yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobi, fitr sadaqasi va fidya miqdori bo‘yicha qarori qabul qilindi, unga ko‘ra:
Zakot nisobi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bu yilgi Ramazon oyi uchun zakot nisobini ≈ 85 gramm 585 probali tillaning qiymatidan kelib chiqib 100 000 000 (yuz million) so‘m deb belgiladi.
Shunga ko‘ra, kamida 85 gramm tilla yoki 100 000 000 (yuz million) so‘m pul mablag‘i yoki ushbu qiymatdagi tijorat moli bo‘lgan kishi, jami mablag‘ining qirqdan biri (2,5%)ni zakot niyatida kambag‘allarga berishi farzdir.
Fitr sadaqasi miqdori
Fitr sadaqasining miqdori quyidagicha belgilandi:
≈ 2 kg bug‘doy yoki uning qiymati – 10 000 (o‘n ming) so‘m;
≈ 2 kg bug‘doy uni yoki uning qiymati – 12 000 (o‘n ikki ming) so‘m;
≈ 4 kg arpa yoki uning qiymati – 20 000 (yigirma ming) so‘m;
≈ 2 kg mayiz yoki uning qiymati – 110 000 (bir yuz o‘n ming) so‘m;
≈ 4 kg xurmo yoki uning qiymati – 200 000 (ikki yuz ming) so‘m deb belgilandi.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu besh mahsulotdan xohlagan biri yoki uning qiymatini fitr sadaqasi niyatida kambag‘alga bersa kifoya qiladi. Fitr sadaqasini Ramazon oyi davomida hayit namozi o‘qilgunga qadar berish kerak bo‘ladi.
Fidya miqdori
Bir kunlik fidya miqdori fitr sadaqasining miqdori bilan bir xil bo‘ladi.
Shunday ekan, har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu besh mahsulotdan xohlagan biri yoki uning qiymatini fidya niyatida beradi.
Sharh (https://telegra.ph/shar%D2%B3-02-17)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Inson ba’zan dunyo tashvishlaridan uzilib, Robbiga yaqinlashishni istaydi. Ana shunday yaqinlikni baxsh etadigan ulug‘ ibodat – ro‘zadir. Ro‘za qadimdan davom etib kelayotgan ilohiy amr bo‘lib, musulmonlarga ham shu azaliy ibodatning mukammal shakli in’om qilindi.
Ramazon oyining ro‘zasini tutish Islomning asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, Alloh taolo uni har bir musulmonga farz qilgandir. Bu ulkan ibodatni Alloh taolo ikkinchi hijriy sananing Sha’bon oyida farz qilgan. Qur’oni karimning Baqara surasidagi: “Ey iymon keltirganlar, sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara surasi, 183-oyat), oyati ila farz bo‘lgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ro‘za tutib, boshqalarni ham tutishga undaganlar, ko‘plab hadisi shariflarida ro‘zaning farz ekanini bayon etganlar. Ramazon ro‘zasining farz ekanligiga o‘sha vaqtdan hozirgacha hamma musulmonlar ittifoq qilganlar.
Ramazon – oddiy vaqt emas. U Qur’on nozil bo‘lgan, rahmat eshiklari ochilgan, qalblar uyg‘onadigan muborak oydir. Saharlikning sokin barakasi, iftorning shukronali quvonchi, kechalardagi ibodatlarning nuri mo‘min qalbiga alohida huzur baxsh etadi. Tongdan quyosh botguncha davom etadigan ro‘za bandaga har lahzada: “Men buni Alloh uchun qilyapman”, degan sharafni eslatadi.
Ma’lumki, ro‘za avvalgi ummatlarga ham farz qilingan edi. Rivoyatlarda nasroniylarga ham Ramazon ro‘zasi buyurilgani, ammo u og‘ir tuyulgach faslini o‘zgartirib, kunlarini ko‘paytirib yuborganlari zikr qilinadi. Islom esa ro‘zaning asl hukmini saqlab qoldi. Ramazon qaysi faslga to‘g‘ri kelishidan qat’i nazar, mo‘min uni muhabbat va itoat bilan kutib oladi. Chunki ibodatning qadri qulaylikda emas, sadoqatdadir.
Ramazon kirganda ro‘zador inson befoyda, yolg‘on, tuhmat, bo‘hton gap-so‘zlarga mutlaqo yaqin yo‘lamasligi, boshqa birov urish-janjal boshlasa, men ro‘zadorman, deb chetlanishi lozim. Ro‘za tutgan kishi iloji boricha ko‘proq Allohning zikrini qilsa, Qur’on tilovat qilsa juda yaxshi bo‘ladi. Bu amallar orqali ruhlar poklanadi, qalblar yumshaydi. Bu oyda masjidlar obod bo‘ladi, Qur’on tilovati ko‘payadi, sadaqalar ziyoda bo‘ladi. Inson o‘z nafsidan ustun kelib, haqiqiy ma’naviy erkinlikni his qiladi. Har saharlik – umid, har iftor – shukr, har ibodat – ilohiy yaqinlik lahzasiga aylanadi. Eng oddiy ne’matlar ham qadrli bo‘lib qoladi. Ro‘za insonni sabrga, shukrga, mehrga o‘rgatadi. Tilni yomon so‘zlardan, qalbni gunohning g‘uborlaridan poklaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Ramazon bandaga Robbiga yaqinlashish uchun berilgan eng bebaho imkoniyatdir.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Iftorlik qilib boy-badavlat, kazo-kazolarni iloji boricha aytib faxrlanish, beva-bechora, miskin-faqirlarni aytmaslik esa mutlaqo Islom shariati ruhiga to‘g‘ri kelmaydigan ishdir.
Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, iftorlik qilish deganida, albatta, uyiga qozon osib, dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga iftorlik taomini olib berish yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlik bo‘ladi. Chunki ro‘zador va haqdor odamni riyokorliksiz iftor qildirilgan bo‘ladi. Ba’zi iftorliklarda xo‘jako‘rsinga, dabdabaga berilib ketib dinimizga zid ishlar aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash noto‘g‘ri tasavvur va ishlarga barham berish kerak.
Alloh taolo tutgan ro‘zalarimizni qabul qilsin, qalblarimizni taqvo bilan ziynatlasin, gunohlarimizni mag‘firat etsin va bizni Ramazon barakasidan to‘liq nasibador aylasin!
O‘tkir G‘UZAROV,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri