Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘tgan solihlarning Allohdan haqiqiy, soxtaliksiz, samimiy hayo qilganliklari to‘g‘risida ko‘plab hikoyalar va misollar bizgacha yetib kelgan. Goho ayrim taqvodorlar Allohga qandaydir kichik itoatsizlik qilib qo‘yganlari uchun hatto masjiddan ham, Allohning uyi bulganligi sabab uyalib, o‘zlarini tortganlar...
Namozini masjiddan tashqarida o‘qiyotgan bir solihni ko‘rib, so‘rabdilar:
– Nega namozingi masjidda ado etmayapsan?
Javob beribdiki:
– Allohning oldida uning uyiga kirishdan uyalaman, chunki hozir bir itoatsizlik qilib qo‘ydim .
Solihlarning oralarida Allohdan o‘zga biror bir narsadan qo‘rqishdan hayo qiladiganlar ham bo‘lgan ekan. Shunday hikoya qilinibdi:
“Bir tunda quyuq o‘rmonda ketayotib, uxlayotgan kishiga duch keldik. Yaqinida oti o‘tlab yurardi. Biz uni uyg‘otib so‘radik:
– Bunday xatarli joyda uxlashdan qo‘rqmaysanmi, axir atrofda yirtqichlar izg‘ib yurishibdi-ku?!
U boshini ko‘tarib:
– Allohdan o‘zga narsadan qo‘rqishga hayo qilaman, – dedi-da, o‘grilib yana uyquga ketdi”.
Abu Bakr al-Varroq quddisa sirruhu aytgan ekanlar: “Ba’zan ikki rakat namoz o‘qib, namozjoyini tark etaganimda meni shunday bir hayo chulg‘ab oladiki, go‘yo o‘g‘riligi sabab xijolatda qolgan o‘g‘riga o‘xshayman”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shodlik kelmog‘idan umidingmi uzding,
Ulug‘ zot taqdiriga qani iymoning?
Allohning yo‘lida sizga yetgan barcha narsa Uning izni ila gunohlaringizga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: إذا صلت المرأة خمسها وصامت شهرها وحفظت فرجها وأطاعت زوجها قيل لها ادخلي من أي أبواب الجنة شئت
«Agar ayol besh vaqt namozini o‘qisa, farz ro‘zasini tutsa, nomusini saqlasa va eriga itoat qilsa unga “jannat eshiklaridan xohlaganingdan kiraver deyiladi”» (Imom ibn Hibbon rivoyati).
Bu ulug‘ amallarni bajarsangiz mehribon va rahmli Zotga yo‘liqasiz hamda U sizga dunyo va oxiratda yordam beradi.
Shariat belgilagan o‘rinda to‘xtang. Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari yo‘lidan yuring. Siz muslimasiz. Bu esa ulug‘ sharaf, ulkan faxrdir. Sizdan boshqalar esa nasroniy, yahudiy, dinsizlik yoki umuman Islomga muxolif bo‘lgan millat va elatlarda tug‘ilgan. Ammo sizni Alloh muslima qilishni ixtiyor etdi. Sizni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning izidan boruvchilardan qildi hamda Oisha, Xadija va Fotima roziyallohu anhumga ergashganlardan qildi. Sizni besh mahal namoz o‘qishingiz, Ramazon ro‘zasini tutishingiz va har tomonlama iffatingizni saqlashingiz yoqimli emas-mi? Allohni Robb, Islomni din va Muhammad alayhissalomni payg‘ambar deb bilishingiz eng qadrli ne’mat, baxtingiz emas-mi?!
Shu’la: Sizning diningiz oltiningiz, axloqingiz bezagingiz va odobingiz esa mol-mulkingizdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Ro‘zadorlar uchun darslar" kitobidan