Bir namozdan keyingi namozgacha, jumadan jumagacha gunohlardan poklanish fursati bo‘lsa, Ramazondan kelgusi ramazongacha – yillik gunohlardan qutilish uchun eng qulay mavsumdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyga alohida e’tibor berardilar. Hatto Rajab oyi kirganda: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona”
“Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin” deb duo qilardilar.
Ramazon juda ko‘plab yaxshiliklar hamda imkoniyatlar oyidir. Ularning eng avvali – bu Qur’ondir. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir”.
Alloh taolo boshqa oyatda bunday marhamat qiladi: “Alif. Laam. Miym. Bu kitobda shak-shubha yo‘q, u taqvodorlarga hidoyatdir”.
Alloh taolo birinchi oyatda ramazon oyida Qur’oni karimni barcha odamlar uchun nozil qilganini, ikkinchi oyatda esa, Qur’on faqat taqvodorlarga hidoyat manbai ekanini ta’kidlamoqda. Shu bois, ramazonda ko‘pchilik odamlarning qo‘liga Qur’on olganini ko‘rasiz.
Qolaversa, ramazonda ko‘p Qur’on o‘qish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Jabroil alayhissalom bilan Qur’onni dars qilishardi. Shuning uchun biz ham, bu oyda ko‘proq Qur’on o‘qib, o‘rgansak Alloh taoloning rahmatiga erishamiz, Rasulullohning sunnatlariga amal qilgan bo‘lamiz.
Ramazon – xayr-saxovat oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyi edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketardilar.
Demak, ramazon oyida imkon qadar har kuni xayr-ehson, sadaqa berishga harakat qilish kerak. Masalan, “Bir odam ramazonda 1000 (ming) riyol sadaqa qila olishg imkoniyatim yetadi” desa, shu ming riyolni har kuni bo‘lib-bo‘lib berib borsin.
Bu bilan siz agar har kuni bir yoki bir nechta ro‘zadorning iftorlik qilishiga sabab bo‘lishingiz mumkin. Muhimi har bir inson qo‘lidan kelgan yaxshilik qilishi kerak.
Ramazondagi eng muhim jihatlardan biri – bomdod va xufton namozlarini jamoat bo‘lib o‘qishga e’tibor berishdir. Ayrimlar taroveh namozini qoldirmasdan o‘qishadi-yu, lekin farz namozlarga unchalik e’tiborli bo‘lishmaydi. Shuni bilingki, bir farz namozni (o‘z vaqtida) ado etish, butun Ramazon oyida qoim bo‘lishdan afzal turadi. Chunki avvalgisi farz amal bo‘lsa, keyingisi nafldir. Shuning uchun, avvalo farz namozlarni o‘z vaqtida jamoat bilan o‘qib, keyin nafl ibodatlarni ado etish lozim. Albatta, Ramazon oyining kechalarini bedor o‘tkazish amallarning eng afzali sanaladi.
Ramazon oyi yaxshiliklarga to‘la oy. Rivoyatlarga ko‘ra, bu oyning har kechasida Alloh taolo 600 mingta do‘zaxga mahkum bo‘lganlarni do‘zaxdan ozod qilinadi. Lekin Ramazonning birinchi kechasining ham bir qancha fazilatlari bor, ammo aksariyat odamlar bundan g‘aflatda qoladilar.
Ramazon oyining birinchi kechasida Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan boqadi, kimga Alloh rahmat nazari bilan boqsa, uni hech qachon azoblamaydi.
Afsuski, ko‘pchilik bu kunni bozorda “hali uni, hali buni sotib olishim kerak” degan bekorchi o‘y-hayollar bilan o‘tkazib yuboradi.
Demak, banda ramazonning ilk kunlaridan boshlab uni g‘animat bilmog‘i lozim ekan.
Alloh taolo ramazonning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlarini kechirib yuboradi. Ammo aksar odamlar bu kechaning fazilatlaridan ham g‘aflatda qoladilar. Ayniqsa, ramazonning oxirgi toq kechasini “Laylatul qadr” kechasi sifatida bedor bo‘lib o‘tkazadilar-u, lekin ramazonning so‘nggi kechasiga bee’tibor bo‘ladilar.
Qadr kechasi har bir ro‘zador alohida e’tibor berishi kerak bo‘lgan muhim kechadir. Lekin Alloh taolo bu kechaning qachonligini yashirib qo‘ygan. Nima uchun? Chunki shunda biz bu kechani ramazon oyining ilk kunidan boshlab kutamiz va butun ramazon kechasini ibodatda o‘tkazishga harakat qilamiz. Agar qadr kechasining kunini aniq bilganimizda, ehtimol ramazonning boshqa kunlarini dangasalik bilan o‘tkazib yuborgan bo‘lardik. Alloh taolo O‘z fazli bilan ramazondan to‘liq foydalanishimizni istaydi.
Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy” (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin).
Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Muhammad, Ramazon oyini topib, mag‘firat qilingmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Omiyn”, dedilar.
Faraz qiling, imtihon topishirayotgan talabalarga barcha imkoniyat va vositalar muhayyo qilib qo‘yilgan bo‘lsa, ya’ni imtihon mavzulari soddalashtirilgan, imtihon qaysi fandan bo‘lishi oldindan aytilgan, alohida muallim biriktirilgan, savollar o‘rgatilgan, ruchka-qog‘oz ham berilgan. Faqatgina javoblarni yozish qolgan. Lekin shunda ham talaba imtihondan yiqilsa “Nega topshira olmading?” deysiz-mi?!
Xuddi shunday, ramazon biz uchun ko‘plab yaxshiliklarga erishimiz uchun juda katta imkoniyatdir.
Ramazon oyida “Laa ilahaa illallohu va nastag‘firulloh” zikrini aytish Allohni rozi qiladigan amallardan sanaladi.
Shuningdek, “nasalukal jannata va na’uzu bika minannar” duosini ham ko‘p qilish kerak. O‘tgan solihlar bu zikr va duolarni ko‘p aytardilar. Shunday ekan, ramazonning har kuni “Ashhadu allaa ilaha illalloh, astag‘firulloh, nasalukal jannata va na’uzu bika minannar”ni ko‘p aytishga odatlaning.
Albatta, ramazon – toat-ibodatlar oyi. Bu oyda ko‘proq namoz o‘qish, tahajjudlarda bedor bo‘lish, tilovat, xayr-ehson, sadaqalar qilish ko‘paytiriladi.
Ammo, bu oy – ehtiyojlarni, jamiyatdagi ishlarni to‘xtatib turish oyi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda yanada faol bo‘lardilar. Shu sabab, ko‘plab g‘azotlar, fathlar ham aynan ramazon oyida bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar.
Alloh taolo tutayotgan ro‘zangizni, qilayotgan duo va ibodatlaringizni O‘z dargohida qabul aylasin!
Davron NURMUHAMMAD
Bugun yurtimizda to‘y masalasi deyarli har bir oilaning tashvishiga aylangan. Albatta, to‘y – xalqimiz uchun muqaddas qadriyat, ikki yoshning halol nikoh bilan yangi hayotga qadam qo‘yish marosimidir.
Biroq, so‘nggi yillarda bu muborak an’ana asl ma’nosidan yiroqlashib, ortiqcha dabdaba va isrof maydoniga aylanmoqda. “Odamlar nima derkin?” degan o‘y bilan amalga oshirilayotgan tantanalar ko‘rsatish va maqtanish vositasiga aylanib bormoqda.
Islom har bir ishda o‘rta yo‘lni, ya’ni me’yor va iqtisodni buyuradi. Alloh taolo Qur’onda bunday marhamat qiladi: “Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi.” (Isro surasi, 27-oyat).
Ya’ni, ortiqcha sarf-xarajat qilish, bevaqt va keraksiz narsalarga molni yo‘qotish – shayton yo‘lidir.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham bu haqda bunday deganlar: “Yeb-ichishda, kiyinishda va ehson qilishda ham isrof qilmangiz, chunki Alloh isrofni yaxshi ko‘rmaydi.” (Ibn Moja rivoyati)
Yana bir hadisda esa: “Albatta, eng barakali nikoh – eng oson bo‘lganidir.” (Ibn Hibbon rivoyati), – deb ta’kidlaganlar.
Demak, baraka dabdabada emas, soddalik va samimiyatdadir.
Afsuski, bugun ko‘plab to‘ylarda yuzlab mehmonlar, qimmat restoranlar, nafsga mos kiyimlar, hashamatli kortejlar odatga aylanib bormoqda. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy yo‘qotish hamdir.
Shu haqda “Yuksalish” harakati 2025 yil 19 iyun – 3 iyul kunlari “O‘zbekistonda to‘ylar” mavzusida o‘tkazgan so‘rovnoma ham yaqqol tasdiq beradi. So‘rovnoma onlayn tarzda mamlakatning turli hududlarida o‘tkazilgan bo‘lib, ijtimoiy so‘rovda qatnashganlarning 71,13 foizi turmush qurganlar ekani ma’lum bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, ko‘pchilik oilalarda daromad darajasi bilan to‘y xarajatlari o‘rtasida katta tafovut mavjud. Ijtimoiy so‘rovda qatnashuvchilarning 65,2 foizi to‘yga 50 milliondan 100 million so‘mgacha yoki undan ortiq mablag‘ sarflaganini bildirgan. Bu esa ko‘plab oilalarning bir yillik daromadiga teng yoki undan ham yuqori ko‘rsatkichdir.
Bu holat shundan dalolat beradiki, urf-odat niqobi ostidagi isrof nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy illatga aylanmoqda. Alloh bergan ne’matni qadrlagan inson isrof qilmaydi; isrof qilgan kishi esa ne’matning haqqini bermay, shayton yo‘liga kirib qoladi.
Shunday ekan, to‘yda isrof qilish – riyo va kibrning ko‘rinishi. “Odamlar nima derkin?” degan niyat bilan qilingan har qanday ishda Allohning roziligi bo‘lmaydi.
Shariatda nikoh marosimi uchun ortiqcha sarf talab qilinmagan. Sunnatga mos to‘y – oddiy, halol va samimiyatga to‘la bo‘lishi lozim. Shu bois, ota-onalar farzandlariga dabdaba emas, muhabbat, baraka va totuvlikka asoslangan hayot tilashlari kerak.
Chunki haqiqiy to‘y – elning duosi, oilalarning birligi va muhabbatning ibtidosidir. To‘y – Allohning ne’mati. Uni shukr bilan, ortiqcha dabdabasiz va sunnatga muvofiq o‘tkazish – har bir musulmonning burchi.
Zero, soddalikda baraka, isrofda esa halokat bor. Shuning uchun ham O‘zbekistonda to‘y xarajatlarining ortib borishiga qarshi ma’rifat, jamoatchilik nazorati va sog‘lom an’analarni rag‘batlantiruvchi tizimli choralar zarur. Jamiyat o‘zgarishlarga tayyor, endi esa amaliy qadamlar vaqti keldi.
Anvar AGZAMOV