Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki, birortangiz Islomini chiroyli qilsa, uning qilgan har bir yaxshi amali o‘n mislidan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib yoziladi. Qilgan har bir yomon amali esa o‘z mislicha yoziladi”, dedilar.
Boshqa bir rivoyatda: “Faqat Alloh uni o‘tib kechib yuborsa (yozilmaydi)”, deyilgan (Ikki Shayx rivoyat qilishgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida biz ummatlarini muxlis musulmon bo‘lishga targ‘ib qilmoqdalar. Chunki o‘ta muxlis musulmon bo‘lmay turib, hech kim o‘z Islomini chiroyli qila olmaydi. O‘tgan hadislarning birida kishi Islomining chiroyli bo‘lishi ichdan ham, ustdan ham Islomning hamma talablariga javob bera oladigan bo‘lishi bilan amalga oshishini o‘rgangan edik.
Inson o‘z Islomini chiroyli qilganda esa katta va ulkan mukofotga sazovor bo‘lar ekan. Bu mukofot esa ikki tomonlama bo‘ladi:
1. Uning qilgan har bir yaxshi amali o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib yozilar ekan.
2. Uning qilgan har bir yomon amali o‘z mislicha, ko‘paytirilmasdan yozilar yoki Alloh xohlasa, kechirib yuborilar ekan. Bu esa albatta, mo‘min bandaning oliy darajalarga erishishidan dalolat beradi.
Bu hadisi sharifdan olinadigan foydalar ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Faqat Islomimizni chiroyli qilishga urinishimiz qoldi, xolos.
“Hadis va hayot” kitobidan
Shu yil, 2 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent shahar "Rakat" jome masjididagi taroveh namozida ishtirok etib, jamoatga Ramazoni sharif fazilati, tinchlik-osoyishtalikni qadri to‘g‘risida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Muftiy hazratlari masjidga yig‘ilgan mo‘min-musulmonlarga bu yil Ramazoni sharif yurtimizda o‘zgacha shukuhda o‘tayotgani, bir oygina mehmon bo‘lgan g‘animat oyning rahmat dahasi ham tugab, ikkinchi o‘n kunlik – mag‘firat dahasi boshlangani, ayni kunlarda Alloh taolodan ko‘proq ofiyat so‘rash lozimligi, bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”, deya marhamat qilganlarini bayon etdilar.
Shuningdek, duolar qabul bo‘ladigan fursatlarda Haq taolodan dunyoning ko‘plab hududlaridagi notinchliklar tez orada barham topishi va yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikni bardavom bo‘lishini so‘rash, ushbu ne’matning qadriga yetish lozimligini qayd etdilar.
Manfaatli suhbat yakunida Muftiy hazratlari Alloh taolodan barchaga ikki dunyo saodatini nasib qilishini so‘rab, elu yurtimiz haqqiga xayrli duolar qildilar.
#xabar #taroveh #muftiy
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati