Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar berib, bunday der edilar: "Sizlarga Ramazon oyi keldi — muborak oy. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi. Unda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi, itoatsiz shaytonlar zanjirlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq bo‘lgan bir kecha bor. Kim uning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, haqiqatan mahrum bo‘libdi" (Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati).
Hofiz Ibn Rajab rahimahulloh: "Ba’zi ulamolar bunday deyishgan: bu hadis odamlarning bir-birini Ramazon oyi bilan tabriklashiga asosdir. Qanday qilib mo‘min jannat eshiklari ochilishi bilan shodlanmasin?! Qanday qilib gunohkor jahannam eshiklari yopilishi bilan shodlanmasin?! Qanday qilib aqlli inson shaytonlar zanjirlanadigan vaqt bilan shodlanmasin?! Bu zamonga qaysi zamon o‘xshaydi?!”.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarga bu oy keldi. Unda ming oydan yaxshi bo‘lgan Qadr kechasi bor. Kim u kechadan mahrum bo‘lsa, yaxshiliklarning barchasidan mahrum bo‘libdi. Uning yaxshiligidan faqat mahrumlargina bebahra qoladi", deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi