Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar berib, bunday der edilar: "Sizlarga Ramazon oyi keldi — muborak oy. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi. Unda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi, itoatsiz shaytonlar zanjirlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq bo‘lgan bir kecha bor. Kim uning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, haqiqatan mahrum bo‘libdi" (Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati).
Hofiz Ibn Rajab rahimahulloh: "Ba’zi ulamolar bunday deyishgan: bu hadis odamlarning bir-birini Ramazon oyi bilan tabriklashiga asosdir. Qanday qilib mo‘min jannat eshiklari ochilishi bilan shodlanmasin?! Qanday qilib gunohkor jahannam eshiklari yopilishi bilan shodlanmasin?! Qanday qilib aqlli inson shaytonlar zanjirlanadigan vaqt bilan shodlanmasin?! Bu zamonga qaysi zamon o‘xshaydi?!”.
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarga bu oy keldi. Unda ming oydan yaxshi bo‘lgan Qadr kechasi bor. Kim u kechadan mahrum bo‘lsa, yaxshiliklarning barchasidan mahrum bo‘libdi. Uning yaxshiligidan faqat mahrumlargina bebahra qoladi", deganlar (Ibn Moja rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zunnun Misriy rahimahullohdan hikoya qilinadi: “Allohning Baytini haj qilish maqsadida yo‘lga chiqdim. Safar asnosida yo‘ldan adashdim. Bir payt yo‘l ustiga tashlab qo‘yilgan kishiga ko‘zim tushdi. U shu turishda o‘limini kutib yashayotgandek edi.
Borib, salom berdim. Salomimga alik oldi. “Yoningizda turishimni xohlaysiz-mi?” deb so‘radim. “Seni nima qilaman?” dedi hayron bo‘lib. “Sizga suhbatdosh, ulfat bo‘laman”, dedim.
“Senda men uchun qanaqa ulfatlik bor?!” deb so‘radi. “Agar bemor bo‘lsangiz, xizmatingizda bo‘laman”, dedim. U: “Menga Kifoya qiluvchi, Rost so‘zlovchi, ahvolimni Biluvchi Zot bor. Kim Uni do‘st deb bilmasa, unday kimsaga boshqa ulfat, suhbatdosh, do‘st yo‘q” dedi.
“Menga yaxshilik turlaridan birortasini o‘rgating yoki biror nasihat qiling, eshitib, amal qilay” dedim. Shunda u boshini ko‘tarib menga qaradi va: “Ey birodarim! O‘zingni o‘z nafsingdan saqla! Qalbingga biror illat kirishidan ehtiyot bo‘l! Agar bir ma’siyatni qilmoqchi bo‘lsang, boshingni yuqoriga ko‘tar! Kimga qarshi bo‘layotganingni, Kimga jur’at qilayotganingni, Kimga qarshi urush boshlayotganingni bil! Allohga isyon qilgan kimsa, Unga qarshi urushgan kimsa bo‘lib qolishini bilmaysan-mi?! Qilib turgan solih amallaringda bardavom bo‘l! Belingni mahkam bog‘la! Seni bu dunyodan ketkazilishidan oldin o‘zing Alloh sari yuzlan! Jahannam muridlarning kechalarini bedor qilganini, obidlarning qalblarini jarohatlaganini bilmaysan-mi?! U Zot Kitobida ularni maqtab bunday degan:
كَانُوا قَلِيلاً مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ
“Ular kechalari oz uxlar edilar”.
وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
“Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zariyat surasi, 17-18-oyatlar).
U ushbu oyatlarni o‘qidiyu, qichqirib yubordi. Shu zahoti joni uzildi. U kishiga o‘xshagan yetuk kishini ko‘rmadim. Alloh rahmatiga olsin!”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan olindi