#xabar
Bugun yurtimiz bo‘ylab muborak Ramazon oyining ilk taroveh namozi asnosida boshlangan xatmi Qur’onlar ko‘tarinki ruh va o‘zgacha fayz ila ado etildi.
Jome masjidlarga jam bo‘lgan mo‘min-musulmonlar xufton namozidan keyin mohir qorilarimizning go‘zal qiroatlaridan bahra olib, duoyu iltijolar bilan qalblari munavvar bo‘ldi.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bu yilgi ilk taroveh namozini Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" jome masjidi jamoati bilan birga ado etdilar.
Jamoat namozidan oldin Muftiy hazratlari ushbu jomega jam bo‘lgan mo‘min-musulmonlarga Ramazoni sharif va xatmi Qur’onning fazilatlariga oid ta’sirli mav’iza qilib berdilar.
Eslatib o‘tamiz, ulug‘ oy davomida yurtimiz bo‘ylab 2101 ta masjidda ado etiladigan taroveh namozlari, xususan, 1762 ta jomeda o‘qiladigan xatmi Qur’onlar yurtimizga fayzu baraka yog‘ilishiga sabab bo‘ladi, insha Alloh.
Alloh taolo diyorimizdagi tinchlik va osoyishtalikni bardavom aylab, muborak oyni barchamiz uchun rahmat, mag‘firat va baraka oyi qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kunlardan birida professor qo‘liga suv to‘ldirilgan idishni oldida, qo‘llarini oldinga uzatib, talabalardan so‘radi:
– Agar bu idishni shu holatda uzoq vaqt ushlab tursam nima bo‘ladi?
– Qo‘llaringiz og‘rib ketadi.
– Bir kun ushlab tursam-chi?
– Qo‘llaringiz zo‘riqib, uyushib, tamom bo‘ladi, mushaklaringiz shikastlanishi ham mumkin.
– Agar kun bo‘yi tursam, idishning vazni o‘zgaradimi?
– Aslo yo‘q!
– Xo‘sh, bu ahvoldan qutilish uchun nima qilishim kerak?
– Oddiy-ku! Idishni qaytarib stol ustiga qo‘ying!
– Barakalla! – yuzlariga kulgu yugirib javob berdi professor. Hayotda uchraydigan qiyinchiliklar ham shunga o‘xshaydi. Agar muammolaringizni bir necha daqiqa o‘ylasangiz, ular sizga yaqinlashadi. Hayolingizni uzoq vaqt ular bilan band qilsangiz, tinkangizni quritadi. Kun bo‘yi shu muammolaringiz dardida yuradigan bo‘lsangiz, miyangiz og‘rib, to‘g‘ri qaror qabul qilolmaydigan holga kelib qoladi. Bu bilan muammolaringizning “vazni” o‘zgarmaydi. Shunday ekan, sabr va duo bilan Alloh taolodan umidvor bo‘ling. Zero, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir.