Inson ba’zan dunyo tashvishlaridan uzilib, Robbiga yaqinlashishni istaydi. Ana shunday yaqinlikni baxsh etadigan ulug‘ ibodat – ro‘zadir. Ro‘za qadimdan davom etib kelayotgan ilohiy amr bo‘lib, musulmonlarga ham shu azaliy ibodatning mukammal shakli in’om qilindi.
Ramazon oyining ro‘zasini tutish Islomning asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, Alloh taolo uni har bir musulmonga farz qilgandir. Bu ulkan ibodatni Alloh taolo ikkinchi hijriy sananing Sha’bon oyida farz qilgan. Qur’oni karimning Baqara surasidagi: “Ey iymon keltirganlar, sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara surasi, 183-oyat), oyati ila farz bo‘lgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ro‘za tutib, boshqalarni ham tutishga undaganlar, ko‘plab hadisi shariflarida ro‘zaning farz ekanini bayon etganlar. Ramazon ro‘zasining farz ekanligiga o‘sha vaqtdan hozirgacha hamma musulmonlar ittifoq qilganlar.
Ramazon – oddiy vaqt emas. U Qur’on nozil bo‘lgan, rahmat eshiklari ochilgan, qalblar uyg‘onadigan muborak oydir. Saharlikning sokin barakasi, iftorning shukronali quvonchi, kechalardagi ibodatlarning nuri mo‘min qalbiga alohida huzur baxsh etadi. Tongdan quyosh botguncha davom etadigan ro‘za bandaga har lahzada: “Men buni Alloh uchun qilyapman”, degan sharafni eslatadi.
Ma’lumki, ro‘za avvalgi ummatlarga ham farz qilingan edi. Rivoyatlarda nasroniylarga ham Ramazon ro‘zasi buyurilgani, ammo u og‘ir tuyulgach faslini o‘zgartirib, kunlarini ko‘paytirib yuborganlari zikr qilinadi. Islom esa ro‘zaning asl hukmini saqlab qoldi. Ramazon qaysi faslga to‘g‘ri kelishidan qat’i nazar, mo‘min uni muhabbat va itoat bilan kutib oladi. Chunki ibodatning qadri qulaylikda emas, sadoqatdadir.
Ramazon kirganda ro‘zador inson befoyda, yolg‘on, tuhmat, bo‘hton gap-so‘zlarga mutlaqo yaqin yo‘lamasligi, boshqa birov urish-janjal boshlasa, men ro‘zadorman, deb chetlanishi lozim. Ro‘za tutgan kishi iloji boricha ko‘proq Allohning zikrini qilsa, Qur’on tilovat qilsa juda yaxshi bo‘ladi. Bu amallar orqali ruhlar poklanadi, qalblar yumshaydi. Bu oyda masjidlar obod bo‘ladi, Qur’on tilovati ko‘payadi, sadaqalar ziyoda bo‘ladi. Inson o‘z nafsidan ustun kelib, haqiqiy ma’naviy erkinlikni his qiladi. Har saharlik – umid, har iftor – shukr, har ibodat – ilohiy yaqinlik lahzasiga aylanadi. Eng oddiy ne’matlar ham qadrli bo‘lib qoladi. Ro‘za insonni sabrga, shukrga, mehrga o‘rgatadi. Tilni yomon so‘zlardan, qalbni gunohning g‘uborlaridan poklaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Ramazon bandaga Robbiga yaqinlashish uchun berilgan eng bebaho imkoniyatdir.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Iftorlik qilib boy-badavlat, kazo-kazolarni iloji boricha aytib faxrlanish, beva-bechora, miskin-faqirlarni aytmaslik esa mutlaqo Islom shariati ruhiga to‘g‘ri kelmaydigan ishdir.
Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, iftorlik qilish deganida, albatta, uyiga qozon osib, dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga iftorlik taomini olib berish yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlik bo‘ladi. Chunki ro‘zador va haqdor odamni riyokorliksiz iftor qildirilgan bo‘ladi. Ba’zi iftorliklarda xo‘jako‘rsinga, dabdabaga berilib ketib dinimizga zid ishlar aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash noto‘g‘ri tasavvur va ishlarga barham berish kerak.
Alloh taolo tutgan ro‘zalarimizni qabul qilsin, qalblarimizni taqvo bilan ziynatlasin, gunohlarimizni mag‘firat etsin va bizni Ramazon barakasidan to‘liq nasibador aylasin!
O‘tkir G‘UZAROV,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab e’lon qilingan «Mahalla obodligi va mehr-oqibat oyligi» doirasida xayrli va savobli tadbirlar izchil davom etmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti hamda Xo‘jayli tumanidagi «Pirim eshon» jome masjidi hamkorligida o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qozisi B.Razov, qozi o‘rinbosari A.Djolaushiyev, Xo‘jayli tumani bosh imom-xatibi I.Sherniyazov, shahar va tuman bosh imomlari hamda joriy yilda Haj ziyoratini ado etib qaytgan hoji otalar ishtirok etdilar.
Saxovatpesha homiylar ko‘magi bilan tashkil etilgan ushbu aksiya doirasida tumanning 14 ta mahallasida yashovchi 70 dan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Xonadonlarga tashrif buyurilib, farzandlar uchun maktab formalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi, diniy soha vakillari va hoji otalar fuqarolar bilan samimiy muloqotda bo‘lib, ularning fikr-mulohazalarini tingladilar.
Xalqimizga xos mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi yuksak qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladigan bu kabi xayriya tadbirlari respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati