Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson ba’zan dunyo tashvishlaridan uzilib, Robbiga yaqinlashishni istaydi. Ana shunday yaqinlikni baxsh etadigan ulug‘ ibodat – ro‘zadir. Ro‘za qadimdan davom etib kelayotgan ilohiy amr bo‘lib, musulmonlarga ham shu azaliy ibodatning mukammal shakli in’om qilindi.
Ramazon oyining ro‘zasini tutish Islomning asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, Alloh taolo uni har bir musulmonga farz qilgandir. Bu ulkan ibodatni Alloh taolo ikkinchi hijriy sananing Sha’bon oyida farz qilgan. Qur’oni karimning Baqara surasidagi: “Ey iymon keltirganlar, sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara surasi, 183-oyat) oyati ila farz bo‘lgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ro‘za tutib, boshqalarni ham tutishga undaganlar, ko‘plab hadisi shariflarida ro‘zaning farz ekanini bayon etganlar. Ramazon ro‘zasining farz ekanligiga o‘sha vaqtdan hozirgacha hamma musulmonlar ittifoq qilganlar.
Ramazon – oddiy vaqt emas. U Qur’on nozil bo‘lgan, rahmat eshiklari ochilgan, qalblar uyg‘onadigan muborak oydir. Saharlikning sokin barakasi, iftorning shukronali quvonchi, kechalardagi ibodatlarning nuri mo‘min qalbiga alohida huzur baxsh etadi. Tongdan quyosh botguncha davom etadigan ro‘za bandaga har lahzada: “Men buni Alloh uchun qilyapman”, degan sharafni eslatadi.
Ma’lumki, ro‘za avvalgi ummatlarga ham farz qilingan edi. Rivoyatlarda nasroniylarga ham Ramazon ro‘zasi buyurilgani, ammo u og‘ir tuyulgach faslini o‘zgartirib, kunlarini ko‘paytirib yuborganlari zikr qilinadi. Islom esa ro‘zaning asl hukmini saqlab qoldi. Ramazon qaysi faslga to‘g‘ri kelishidan qat’i nazar, mo‘min uni muhabbat va itoat bilan kutib oladi. Chunki ibodatning qadri qulaylikda emas, sadoqatdadir.
Ramazon kirganda ro‘zador inson befoyda, yolg‘on, tuhmat, bo‘hton gap-so‘zlarga mutlaqo yaqin yo‘lamasligi, boshqa birov urish-janjal boshlasa, men ro‘zadorman, deb chetlanishi lozim. Ro‘za tutgan shaxs iloji boricha ko‘proq Allohning zikrini qilsa, Qur’on tilovat qilsa juda yaxshi bo‘ladi. Bu amallar orqali ruhlar poklanadi, qalblar yumshaydi. Bu oyda masjidlar obod bo‘ladi, Qur’on tilovati ko‘payadi, sadaqalar ziyoda bo‘ladi. Inson o‘z nafsidan ustun kelib, haqiqiy ma’naviy erkinlikni his qiladi. Har saharlik – umid, har iftor – shukr, har ibodat – ilohiy yaqinlik lahzasiga aylanadi. Eng oddiy ne’matlar ham qadrli bo‘lib qoladi. Ro‘za insonni sabrga, shukrga, mehrga o‘rgatadi. Tilni yomon so‘zlardan, qalbni gunohning g‘uborlaridan poklaydi. Bir so‘z bilan aytganda Ramazon bandaga Robbiga yaqinlashish uchun berilgan eng bebaho imkoniyatdir.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratib o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. iftorlik qilib boy-badavlat, kazo-kazolarni iloji boricha aytib faxrlanish, beva-bechora, miskin-faqirlarni aytmaslik esa mutlaqo Islom shariati ruhiga to‘g‘ri kelmaydigan ishdir. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, iftorlik qilish deganida, albatta uyiga qozon osib, dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga iftorlik taomini olib berish yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlik bo‘ladi. Chunki ro‘zador va haqdor odamni riyokorliksiz iftor qildirilgan bo‘ladi. Ba’zi iftorliklarda xo‘jako‘rsinga, dabdabaga berilib ketib dinmizga zid ishlar aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash noto‘g‘ri tasavvur va ishlarga barham berish kerak.
Alloh taolo tutgan ro‘zalarimizni qabul qilsin, qalblarimizni taqvo bilan ziynatlasin, gunohlarimizni mag‘firat etsin va bizni Ramazon barakasidan to‘liq nasibador aylasin!
O‘TKIR G‘UZAROV,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri
Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.
Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.
Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).
Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.
Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.
Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi