#xabarlar
Joriy yilning 16 fevral kuni Surxondaryo viloyati otinoyilari uchun "Yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda otinoyilarning o‘rni" mavzusida seminar o‘tkazildi. Uni Surxondaryo viloyati bosh otinoyiisi X. Kosimova ochib berdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i D.Egamova va mazkur bo‘lim yetakchi mutaxassisi M.Abubakirovalar ma’ruza qildilar.
Seminarda otinoyilarning jamiyatdagi o‘rni va mas’uliyati, otinoyining odob-axloq qoidalari, malaka talablari, ma’ruza qilish me’yorlari mavzularida suhbat bo‘ldi.
Shuningdek, ma’raka va marosimlarda bid’atlarga yo‘l qo‘ymaslik, isrof va dabdabadan tiyilish, dinimizning sof ta’limotlariga amal qilish haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Yosh avlodni turli yot g‘oyalardan asrash, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda otinoyilarning ibratli so‘zi va amali muhim ekanligi qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilining Xotin kizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarning yordamchisi Hasanova Maftuna Xolmatjonovna 2025 yildagi fidokorona mehnati va diniy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda qo‘shgan hissasi uchun "ENG FIDOKOR XODIM" maqtov yorlig‘i bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bosh otinoyining faoliyatidagi hujjatlar yuritilishi o‘rganildi va zarur tavsiyalar berildi.
Mumina.uz
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Moskva shahridagi “Antek” MCHJ qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu ma’naviy tadbirda elchixona diplomatlari bilan bir qatorda, yurtimizdan maxsus tashrif buyurgan Buxoro shahridagi “Xalifa Xudoydod” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtdoshlarimizni muborak oy bilan qutlab, davlatimiz rahbariyatining samimiy tabriklarini yetkazdilar. Musofirchilikda turli qiyinchiliklarni sabr bilan yengib, halol mehnat orqali oilasiga rizq ulashayotgan hamyurtlarimizga alohida minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Ramazon oyini munosib o‘tkazish va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, iftorlik asnosida ma’rifiy suhbat o‘tkazilib, fuqarolarimizning yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi, yoshlarni turli diniy oqimlardan asrash va doimo ogoh bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati