Mamlakatimizda barcha sohada kechayotgan yangilanishlar har bir yurtdoshimiz hayotida o‘z ifodasini topmoqda. Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar,qayta chiroy ochayotgan ulug‘ qadamjolar yurtimiz mo‘min-musulmonlarini cheksiz mamnun etmoqda. Bu o‘zgarishlar “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ko‘zda tutadi hamda ona vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini ta’minlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash maqsadini ko‘zlaydi.
Joriy yil 16 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgan Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, o‘zaro ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin va mo‘tabar ayyomga aylanmoqda.
Bu yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 19 fevral kuniga to‘g‘ri keldi va hujjatga ko‘ra, u “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida o‘tishi belgilandi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, Ramazon saxovat oyi hamdir. Bu oyda qilingan xayru ehsonlarga Alloh taolo ulkan ajr-savoblarni beradi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu muborak oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiylik fazilatlarini namoyon qilganlar. Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda saxovatliroq bo‘lishga odatlangan. Davlatmand kishilar zakotlarini aynan Ramazonda ado etgan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga shodlik kirgan. Shu sababli bu muborak oyda har birimiz yonatrofimizda yordamga muhtoj kishilar bo‘lsa, qo‘limizdan kelgancha ularga yaxshilik qilib qolsak, ayni muddao bo‘ladi.
Yaqin 30 kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimizda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Jumladan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar-ni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, yer, suv,havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor beriladi. Yuqoridagi qaror qabul qilingan kun davlatimiz rahbari Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazganida ham chuqur ma’no va yuksak insoniylik fazilatlari mujassam.
Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom bunday deydilar: “Beva va miskinlarga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi tuni bilan namoz o‘qib, kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan kishi kabidir”. Ushbu hadis Ramazon oyining mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik ruhiyati bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki Payg‘ambarimiz bu hadis orqali ibodat faqatgina namoz va ro‘za bilan cheklanib qolmasligini, balki insonlarga, ayniqsa, jamiyatning eng zaif qatlamlari — beva-yolg‘izlar va miskinlar ga mehr ko‘rsatish ham ulkan ibodat ekanini ta’kidlamoqdalar. Ramazon oyi nafsni tarbiyalash, qalbni yumshatish va boshqalar dardiga befarq bo‘lmaslikka o‘rgatadi.
Shu ma’noda, ehtiyoj-mandlarga yordam qo‘lini cho‘zish ro‘zaning ma’naviy samarasidir. Hadisda beva va miskinga xizmat qilish jihod, tungi ibodat va doimiy ro‘zaga qiyoslanishi, islomda ijtimoiy adolat va rahm-shafqat qanday yuksak qadrlanishini yaqqol ko‘rsatadi. Bugungi kunda mamlakatimizda Ramazon oyida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar qilinayotgani ham ana shu payg‘ambarona ta’limotning hayotdagi ifodasidir. Bu xayrlitashabbuslar orqali Ramazon nafaqat shaxsiy ibodat oyi, balki jamiyatda mehr-oqibat, ahillik va o‘zaro g‘amxo‘rlikni mustahkamlaydigan ulkan ma’naviy maktab sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamla katimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar kechmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazonoyida yanada yorqin namoyon bo‘lib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda. Prezidentimiz muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidladi. Yig‘ilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.
Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan. Prezidentimiz har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidladi. Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Bugun muqaddas dinimizga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarilib, yurtimiz musulmonlarining diniy ibodatlarni emin-erkin ado etishi uchun yildan yilga qulay sharoitlar yaratilayotgani barchamizning ko‘z oldimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, xalqimizga xos bag‘rikenglik, muruvvatlilik xislatlari ham kundalik hayotimizning bir qismiga aylandi. Ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam qo‘llari cho‘zilmoqda. Barcha mahallalarda ziyolilar, hurmatli nuroniylarimiz ishtirokida tadbirlar, ma’rifat kechalari kabi marosimlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mana shunday yig‘inlardan foydalanib, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlari targ‘ib etilyapti. Islom tarixida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va boshqa allomalarimiz alohida o‘rin tutadi. Ular o‘z asarlari va ilmiy meroslari orqali insoniyatni bag‘rikenglik, adolat, insonparvarlik va tinchlik g‘oyalariga da’vat qilganlar.O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi.
Ushbu muassasalar jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Islom bag‘rikeng, o‘zga millat va boshqa din vakillariga mehr-saxovat ko‘rsatadigan dindir. Zotan, qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga rioya qilinsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradi. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi diniy bag‘rikengliksiz tinchlik barqaror emas.
Ramazon har bir xonadonga fayz va baraka bo‘lib kirib kelsin!
Muzaffarxon JONIYEV,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom ta’limotida kasallik faqat jismoniy holat emas, balki tarbiya, poklanish va ilohiy rahmatning bir ko‘rinishi sifatida talqin qilinadi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam kasallikka duchor bo‘lgan kishilarga tasalli berar, uni yomonlashdan qaytarar va bu holatning ma’naviy hikmatlarini bayon qilib berar edilar. Quyidagi rivoyat ham aynan shu haqiqatni ochib beradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ummu Saib roziyallohu anhoni kasallik paytida ziyorat qildilar. Uni qaltirab turgan holda ko‘rib:
– "Ey Ummu Saib, sizga nima bo‘ldi, nega titrayapsiz?" – dedilar.
– U: Isitma! Alloh uni barakali qilmasin! (kasallikka la’nat bo‘lsin), – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
– "Ey Ummu Saib, isitmani so‘kmang. Chunki u Bani Odamning gunohlarini, xuddi bosqon temirning zangini ketkazgandek, ketkazadi", dedilar.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasallikning ilohiy hikmatlarini bayon qilib, shunday dedilar...-
– "Albatta, Alloh taolo bandasini kasallik bilan uch holatdan biri uchun sinovdan o‘tkazadi:
Agar bandaning gunohlari bo‘lsa, Alloh ularni kechirishni iroda qilsa;
Agar bandasini O‘zidan uzoqlashganini ko‘rib, uni O‘ziga yaqinlashtirishni xohlasa;
Yoki bandaning jannatda u uchun tayyorlangan joyi bo‘lib, qilmagan amallari o‘sha tayyorlangan joyga yetmay turganda, Alloh uni o‘sha maqomga yetkazishni iroda qilsa".
Demak, kasallikda sabr qilgandan keyin bandaning oldida faqat yaxshilik bor: u tavbaga keladi, ibodatda sobit bo‘ladi va Allohga nisbatan go‘zal gumon bilan yashaydi.
Alloh taolo nihoyatda rahmlidir, bandalaridan azobni daf etuvchidir va U bizga onalarimizdan ham ko‘ra rahmliroqdir. Shuning uchun dardni Yaratganga arz qiling, Unga hamd bilan yuzlaning va qalblaringizni istig‘for bilan poklang.
Ushbu rivoyatdan anglashiladiki, Islomda kasallik jazolash vositasi emas, balki bandani tarbiyalovchi, uni gunohlardan poklovchi va Allohga yaqinlashtiruvchi rahmat eshigidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kasallikni yomonlashdan qaytarib, undagi ilohiy hikmatlarni ochib berdilar. Chunki mo‘min kishi uchun kasallik sabr, tavba va ibodat bilan qarshi olinsa, yuksalish va daraja oshishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, bu hadis bandaga har qanday holatda ham Alloh haqida go‘zal gumonda bo‘lish, dardini Unga arz qilish va qalbini istig‘for bilan poklash lozimligini o‘rgatadi. Zero, Alloh taolo bandalariga nihoyatda rahmli bo‘lib, U kasallik orqali ham O‘z qulining oxiratini obod qilishni iroda qiladi.
Demak, mo‘min inson uchun muhim bo‘lgan narsa kasallikning o‘zi emas, balki unga qanday munosabatda bo‘lishidir. Sabr, shukr va ixlos bilan qarshi olingan har bir sinov oxir-oqibat bandani Alloh roziligiga yetaklaydi.
Adham Sharqoviyning kitobi asosida
TII magistratura talabasi
Saidburxon FAZLIDDINOV tayyorlandi.