Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Fevral, 2026   |   5 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:09
Peshin
12:42
Asr
16:22
Shom
18:09
Xufton
19:21
Bismillah
22 Fevral, 2026, 5 Ramazon, 1447
Yangiliklar

Fayzu baraka, ahillik va shukronalik oyi

19.02.2026   8650   8 min.
Fayzu baraka, ahillik va shukronalik oyi

Mamlakatimizda barcha sohada kechayotgan yangilanishlar har bir yurtdoshimiz hayotida o‘z ifodasini topmoqda. Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar,qayta chiroy ochayotgan ulug‘ qadamjolar yurtimiz mo‘min-musulmonlarini cheksiz mamnun etmoqda. Bu o‘zgarishlar “Inson qadri uchun” g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ko‘zda tutadi hamda ona vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini ta’minlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash maqsadini ko‘zlaydi. 

Joriy yil 16 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgan Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda inson qadri, huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, aholi, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati, o‘zaro ahillik, saxovat va shukronalik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin va mo‘tabar ayyomga aylanmoqda.

Bu yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 19 fevral kuniga to‘g‘ri keldi va hujjatga ko‘ra, u “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida o‘tishi belgilandi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, Ramazon saxovat oyi hamdir. Bu oyda qilingan xayru ehsonlarga Alloh taolo ulkan ajr-savoblarni beradi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu muborak oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiylik fazilatlarini namoyon qilganlar. Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda saxovatliroq bo‘lishga odatlangan. Davlatmand kishilar zakotlarini aynan Ramazonda ado etgan. Bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo‘lib, mo‘minlar qalbiga shodlik kirgan. Shu sababli bu muborak oyda har birimiz yonatrofimizda yordamga muhtoj kishilar bo‘lsa, qo‘limizdan kelgancha ularga yaxshilik qilib qolsak, ayni muddao bo‘ladi.

Yaqin 30 kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimizda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Jumladan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar-ni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, yer, suv,havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor beriladi. Yuqoridagi qaror qabul qilingan kun davlatimiz rahbari Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazganida ham chuqur ma’no va yuksak insoniylik fazilatlari mujassam.


Buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom bunday deydilar: “Beva va miskinlarga ehson qilish uchun harakat qilgan kishi tuni bilan namoz o‘qib, kun bo‘yi ro‘za tutib yurgan kishi kabidir”. Ushbu hadis Ramazon oyining mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik ruhiyati bilan uzviy bog‘liqdir. Chunki Payg‘ambarimiz bu hadis orqali ibodat faqatgina namoz va ro‘za bilan cheklanib qolmasligini, balki insonlarga, ayniqsa, jamiyatning eng zaif qatlamlari — beva-yolg‘izlar va miskinlar ga mehr ko‘rsatish ham ulkan ibodat ekanini ta’kidlamoqdalar. Ramazon oyi nafsni tarbiyalash, qalbni yumshatish va boshqalar dardiga befarq bo‘lmaslikka o‘rgatadi.

Shu ma’noda, ehtiyoj-mandlarga yordam qo‘lini cho‘zish ro‘zaning ma’naviy samarasidir. Hadisda beva va miskinga xizmat qilish jihod, tungi ibodat va doimiy ro‘zaga qiyoslanishi, islomda ijtimoiy adolat va rahm-shafqat qanday yuksak qadrlanishini yaqqol ko‘rsatadi. Bugungi kunda mamlakatimizda Ramazon oyida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar qilinayotgani ham ana shu payg‘ambarona ta’limotning hayotdagi ifodasidir. Bu xayrlitashabbuslar orqali Ramazon nafaqat shaxsiy ibodat oyi, balki jamiyatda mehr-oqibat, ahillik va o‘zaro g‘amxo‘rlikni mustahkamlaydigan ulkan ma’naviy maktab sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mamla katimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar kechmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi. Mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazonoyida yanada yorqin namoyon bo‘lib, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda. Prezidentimiz muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidladi. Yig‘ilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berildi. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.


Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan. Prezidentimiz har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidladi. Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Bugun muqaddas dinimizga e’tibor yangi bosqichga ko‘tarilib, yurtimiz musulmonlarining diniy ibodatlarni emin-erkin ado etishi uchun yildan yilga qulay sharoitlar yaratilayotgani barchamizning ko‘z oldimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar sirasiga kiradi.

Bundan tashqari, xalqimizga xos bag‘rikenglik, muruvvatlilik xislatlari ham kundalik hayotimizning bir qismiga aylandi. Ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam qo‘llari cho‘zilmoqda. Barcha mahallalarda ziyolilar, hurmatli nuroniylarimiz ishtirokida tadbirlar, ma’rifat kechalari kabi marosimlar bo‘lib o‘tmoqda.

Mana shunday yig‘inlardan foydalanib, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlari targ‘ib etilyapti. Islom tarixida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va boshqa allomalarimiz alohida o‘rin tutadi. Ular o‘z asarlari va ilmiy meroslari orqali insoniyatni bag‘rikenglik, adolat, insonparvarlik va tinchlik g‘oyalariga da’vat qilganlar.O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi.

Ushbu muassasalar jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Islom bag‘rikeng, o‘zga millat va boshqa din vakillariga mehr-saxovat ko‘rsatadigan dindir. Zotan, qaysi jamiyatda diniy bag‘rikenglik tamoyillariga rioya qilinsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va samimiyat qaror topib, barcha insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradi. Tinchliksiz taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi diniy bag‘rikengliksiz tinchlik barqaror emas.

Ramazon har bir xonadonga fayz va baraka bo‘lib kirib kelsin! 


Muzaffarxon JONIYEV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi

21.02.2026   1697   3 min.
Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi

Ramazon — qalblarni poklaydigan, insonni o‘zi bilan yuzma-yuz qo‘yadigan, ruhiy kamolotga yetaklaydigan muqaddas oy. Qur’oni karimda: «Alloh kechirguvchi va mehribondir», deb marhamat qilinadi. Bu oyat Ramazonning mazmun-mohiyatini, uning kechirim va rahm-shafqat oyi ekanini yana bir bor yodga soladi.


Bugun Jizzax viloyatida ushbu muborak oyning fayzu barakasi yaqqol sezilmoqda. Vohadagi 170 ta masjidda taraveh namozlari muntazam ado etilmoqda. Ularning 124 tasida 208 nafar qori tomonidan xatmi Qur’on qilinmoqda. Bu raqamlar — quruq statistika emas, balki yuzlab qalblarning Qur’on nuridan bahramand bo‘layotganining amaliy ifodasidir.


Taraveh namozlari viloyatdagi barcha masjidlarda bir xil vaqtda — soat 20:30 da boshlanmoqda. Bu tartib va intizom ibodatda hamjihatlikni ta’minlab, jamoatni yagona maqsad atrofida birlashtirmoqda. Islom manbalarida ta’kidlanganidek, taraveh namozi Ramazon oyiga xos sunnat amallardan hisoblanadi va asrlar davomida musulmon ummati tomonidan ado etib kelinmoqda.


Taraveh namozlari 27 kun davomida o‘qilib, Laylatul qadr kechasi bilan yakunlanadi. Laylatul qadr — Qur’on nozil bo‘la boshlagan, ming oydan yaxshiroq deb vasf etilgan muborak kechadir. Ushbu muborak tun arafasida xatmi Qur’on qilish yurtdoshlarimiz uchun ulkan ma’naviy yutuq, qalblar uchun beqiyos ziyo manbaidir.


O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Jizzax viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonxon Jabborov ta’kidlaganidek:


— Alloh kechirguvchi va Ul zot kechirimlilarni yaxshi ko‘radi. Ramazon — nafaqat ro‘za tutib, gunohlardan tiyilish, balki bir-birimizni kechirish, kimnidir ranjitgan bo‘lsak, uzr so‘rash oyidir.


Darhaqiqat, bu oy insonni nafs bilan kurashga, bag‘rikenglikka, mehr-oqibatga chorlaydi. Masjidlardagi ma’rifiy suhbatlar, Qur’on tilovati va jamoat ibodati — barchasi jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.


Ayni paytda imom-xatiblar homiylar ko‘magida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olib, ularning uylarida iftorliklar tashkil etmoqdalar. Turli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilishi Ramazonning saxovat va hamdardlik ruhini yanada mustahkamlamoqda. Bu ishlar «Inson qadri uchun» tamoyilining amaliy ifodasidir.


Masjid — faqat ibodat joyi emas, balki ma’rifat, tarbiya va hamjihatlik maskani. Ramazon oyida bu maskanlar yanada fayzli, yanada gavjum bo‘ladi. Qur’on sadosi ostida inson o‘z qalbini tinglaydi, xatolarini anglaydi, ezgulikka intiladi.


Jizzaxdagi bu manzara — yurtimizda diniy-ma’rifiy hayot barqaror va izchil rivojlanayotganining yorqin ifodasidir. Tartib-intizom, jamoatchilik birdamligi va saxovatpeshalik — barchasi Ramazonning mazmun-mohiyatiga mos tarzda namoyon bo‘lmoqda.

 


Ramazon — kechirim oyi;
Ramazon — birdamlik oyi;
Ramazon — qalblarni nurga to‘ldirish oyi.


Jizzaxda esa bu nur 170 masjiddan taralib, minglab xonadonlarga ziyo baxsh etmoqda.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA

Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
O'zbekiston yangiliklari