Muborak oy munosabati bilan Xorazm viloyatidagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun ham “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi”, degan ezgu g‘oya asosida iftorlik dasturxonlari yozilmoqda. Hozirga qadar umumiy hisobda imomlar tomonidan 11 ta oilaga kirilib, ularga jami 27 million so‘mlik oziq-ovqat jamlanmalari tuhfa qilindi.
Jumladan, viloyat bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Abdullayev Urganch shahridagi Abulg‘ozi Bahodirxon ko‘chasi 159-uyda yashovchi So‘najon Bozorboyeva xonadonida fayzli iftorlik uyushtirib, xonadon a’zolaridan hol-ahvol so‘rab, ularning qalblari quvonchga to‘ldirildi.
Bu yilgi Ramazonda viloyat mahallalaridagi kam ta’minlanganlar uchun boshlangan bunday iftorliklar Ramazonni yanada fayzli, tarovatli o‘tkazishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 5 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent shahar "Siroj solih" jome masjididagi taroveh namozida ishtirok etib, jamoatga Ramazoni sharif fazilati, zikru tasbehning foydalari to‘g‘risida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Muftiy hazratlari masjidga yig‘ilgan mo‘min-musulmonlarga bu yil Ramazoni sharif yurtimizda o‘zgacha shukuhda o‘tayotgani, bir oygina mehmon bo‘lgan g‘animat oyning ikkinchi o‘n kunlik – mag‘firat dahasi ham o‘tib borayotgani, ushbu fursatdan foydalanib, ko‘proq duoyu iltijo, zikru istig‘for aytish lozimligini bayon etdilar.
Mazmunli ma’ruza davomida Qur’oni karimdagi: «Ular iymon keltirgan va Allohning zikri ila qalblari orom topganlardir. Ogoh bo‘lingkim, Allohning zikri ila qalblar orom topur!» (Ra’d surasi, 28) oyatini sharhlab, iymon keltirganlarning qalblari Allohning zikri ila orom topishi, chunki u qalblar o‘zlarining Allohga doimiy bog‘liq ekanini his etishi va dunyo-yu u oxiratning saodati Allohning ixtiyorida ekanini yaxshi bilishini shar’iy dalil va hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar.
Manfaatli suhbat yakunida Muftiy hazratlari Haq taolodan butun dunyo, xususan, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
#xabar #taroveh #muftiy
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati