Bog‘ot tumanida yangidan qurib bitkazilgan "Mirhoshim bobo" jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Bog‘ot tumani bosh imom-xatibi Rashidbek domla Ernazarov, mutasaddilar, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim tilovatidan so‘ng bu masjidning to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, tarovehlar, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, yangi masjid xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib ko‘p yillar xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishda ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqlariga duolar qilindi.
Ochilish marosimidan so‘ng yangi masjidda ilk juma namozi ado etildi.
Juma namozidan oldin jomega yig‘ilgan jamoatga “Ramazon – ezgulik va yaxshilik oyi” mavzusida suhbat qilib berildi.
Go‘zal suhbat oxirida Xayrulla domla Haq taolo barchaga ikki dunyo saodatini nasib qilishini so‘rab, elu yurtimiz haqqiga xayrli duolar qildi.
Zamaxshariy.uz
Ramazon mehr-muruvvat va saxovat oyi ekani O‘zbekistonda yaqqol bilinadi. Yurtingizda muborak Ramazon oyi munosabati bilan o‘tkazilayotgan iftorlik tadbirlari odamlar orasida mehr-oqibat, hamjihatlik va saxovat muhitini yanada mustahkamlayotgani quvonarlidir. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalar, keksalar va nogironligi bo‘lgan insonlarga alohida e’tibor qaratilayotgani bu xayrli ishlarga yanada baraka bag‘ishlamoqda.
Xorijlik ustoz sifatida shuni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, mamlakat rahbariyati tomonidan Ramazon oyida aholini qo‘llab-quvvatlash, xayriya va iftorliklarni keng yo‘lga qo‘yishga qaratilayotgan tashabbuslar yuksak insonparvarlik namunasidir. Joylarda Prezident tomonidan ajratilgan mablag‘larning o‘z egalariga manzilli yetkazilayotgani, bu borada ochiqlik va adolat tamoyillariga amal qilinayotgani alohida e’tirofga loyiq.
Bunday ezgu ishlar nafaqat ehtiyojmand insonlar qalbiga shodlik ulashmoqda, balki jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, birodarlik va hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda. Ramazon oyining asl ruhi ham aynan shunday — ehson qilish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va savobli amallarda musobaqalashishdir.
Alloh taolo yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga baraka ato etsin, xalqimiz orasidagi mehr-muruvvat va saxovat fazilatlarini yanada ziyoda qilsin.
Doktor Saloh Iso,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi