Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz holidan xabar olish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida bir guruh taniqli ulamolar va imom-xatiblar xizmat safariga yo‘l olgan edi.
Ayni paytda Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Shahrisabz shahridagi “Hazrati Imom” masjidi imom-xatibi Akmal qori Nizomov vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, Mokpo shahrida mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan samimiy muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — vatandoshlarimizga muborak Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda, ibodat va ezgu amallarga boy tarzda o‘tkazishlariga ko‘maklashish, ularning diniy savodxonligini yanada oshirishdan iborat.
Suhbatlar davomida ro‘za tutishning fazilatlari, tarovih namozining ahamiyati, sabr-qanoat, ahillik va o‘zaro hurmat masalalari atroflicha yoritildi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning yuksak ma’naviy ruhini mustahkamlash va Vatan bilan bog‘liqlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ro‘zadorga ikki xursandchilik bor. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘ladi. Robbisiga yo‘liqqanida xursand bo‘ladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydilar:
"Birinchi xursandchilik - farz ibodatni salomat holda bajargani, Alloh taolo unga kuch-quvvat va tavfiq bergani, ko‘plab savoblarga ega bo‘lgani uchun bo‘ladi.
Ikkinchi xursandchilik - oxiratda Robbiga yo‘liqqanida tutgan ro‘zasi uchun berilgan ulkan savoblarni ko‘rganida bo‘ladi".