Yaqin kunlarda Toshkent shahrda tirbandlik va ekologiya muammolarini hal etish maqsadida “aqlli” svetoforlar o‘rnatish, yo‘llarga xalqaro standartlarga mos chiziqlar tortish hamda zamonaviy avtoturargohlarni tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi.
Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Prezidentimizning transport tizimini modernizatsiya qilishga oid qarori ijrosini ta’minlash maqsadida maxsus tashkil etilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan tegishli taqdimot o‘tkazildi. Ushbu markaz nafaqat yo‘l harakati, balki jamoat transporti nazorati va ekologik holatni yaxshilash bilan ham shug‘ullanadi.
"Umid qilamanki, shahar hokimi boshchiligidagi jamoa qarorning ijrosini to‘laqonli ta’minlashga bor kuch va imkoniyatini qaratadi. Men buning bajarilishini shaxsan nazorat qilib boraman", — deb ta’kidladi S.Mirziyoyeva.
Poytaxt infratuzilmasi uchun o‘ta muhim bo‘lgan ushbu loyiha Toshkentdagi yo‘l harakati madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
#xabar #seminar #imom #malaka
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va ish samaradorligini yuksaltirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 8–9 sentyabr kunlari Diniy idoraning Masjidlar bilan ishlash hamda Kadrlar bo‘limlari hamkorligida respublikamiz bo‘yicha yangi lavozimga tayinlangan 55 nafar imom-xatib va imom noiblari uchun ikki kunlik o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar Kamolov, Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori, shuningdek, Fatvo markazi, Kadrlar bilan ishlash, Ichki nazorat bo‘limi mutasaddilari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Xususan, soha mutasaddilari tomonidan muvaffaqiyatli imom bo‘lish omillari, go‘zal qiroat va tajvid qoidalari, shar’iy masalalarga to‘g‘ri yondashish, faoliyat samaradorligini baholash (KPI), qonun-qoidalarga qat’iy rioya etish, mehnat munosabatlari hamda jamoat bilan ishlash ko‘nikmalari yuzasidan zarur amaliy tushuntirish va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati