Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilinmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga ushbu hududdagi davlatlarga safar uyushtirmaslik, ayni paytda, o‘sha yerlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizga esa ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berilmoqda.
Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda turoperatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi.
Jumladan, 2026 yil 2 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan rejalashtirilgan Toshkent–Jidda yo‘nalishidagi navbatdagi umra ziyoratchilari reysi ham ma’lum muddatga qoldirilishini ma’lum qilamiz.
Aviaqatnovlar qayta tiklanishi haqida rasmiy manbalar orqali qo‘shimcha axborot beriladi.
Yurtdoshlarimizdan ushbu holatni to‘g‘ri qabul qilishlarini va rasmiy ma’lumotlarga tayanib ish yuritishlarini so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati