O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Imom Termiziy nomidagi islom instituti va ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi
Shu yil 27 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Imom Termiziy nomidagi islom instituti, “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘ldilar.
Tanishuv asnosida Muftiy hazratlari yangi barpo etilayotgan institut va madrasa binolarining qurilish jarayoni, zamonaviy o‘quv xonalari, ma’ruza zallari, kutubxona, yotoqxona va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan maskan loyihasi bilan tanishdi.
Qurilish ishlari ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga barpo etilayotgan inshootlarda puxtalik, zamonaviylik va qulaylik tamoyillariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
“Imom Termiziy” ta’lim muassasasi
Matbuot xizmati
Nok tusagan ko‘ngil
Otasi tongga yaqin ko‘zini ochdi. Xayriyat, yaxshi tomonga o‘zgarish. Uch kundirki, farzandlar yig‘ilgan, hech kimning tinchi yo‘q, padari buzrukvori o‘lim bilan olishmoqda. Qarilik davosi yo‘q kasallik, agar qo‘shimcha dard bezovta qilsa, bunisi ortiqcha. “Ana uziladi, mana uziladi” deb aka-uka, opa-singillar kecha-kunduz “navbatchi”. Xudoning rahmi keldi shekilli, otasi bugun sal o‘nglandi. Qarshiboy aka u kishining ahvoli-ruhiyasiga qarab, kayfiyati ko‘tarildi.
– Bolam, beri kel, – otasi tovushi chiqar-chiqmas ohangda o‘g‘lini yoniga chaqirdi. –Nok yegim keldi, ilikuzildi payt, bilmadim, bozorda bormi-yo‘qmi...
–Topsa bo‘ladi, ota, nok o‘zimizda yetishtiriladi, chetdan keltirilmaydi-ku?!
Balki ko‘ngli tusayotgan mevani yesa, otasi oyoqqa turib ketar, Allohning mo‘jizalari ko‘p. Axir, qon bosimi ko‘tarilib, me’yorlashsa, qanchadan-qancha odamlar yashab ketadi-ku.
Qarshiboy aka avval Jarqo‘rg‘on bozoriga tushdi. Rastada nok ko‘rmadi, anqoning urug‘i, meva sotayotganlardan so‘radi, yelka qisishdi. Balki Qumqo‘rg‘on bozoridan topsa bo‘lar.
– Niyatim xolis ekan. Otam rahmatlining istagini bajo aylash uchun narxi qimmat bqlsa ham ikki kilo nok xarid qildim, – deb eslaydi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi otaxon Qarshiboy Jangirov. – Xuddi xazina topgan kishidek uyga halloslab qaytdim. Otamning ikki ko‘zi shift uzra qadalgan, yuz-ko‘zida so‘lg‘inlik, hayot nishonasini jonlantirish uchun nokdan bir donasini yuvib, qo‘liga tutdim. Yuziga tabassum yoyildi: “Topib kelibsan, bolam, umringdan baraka top. Odam u dunyoga ketar oldidan nimanidir ko‘ngli tusar ekan-da. Alloh sendan rozi bo‘lsin!”. Mening ko‘zimga yosh keldi. Sira xayolimdan ketmaydi. Otam nokni qo‘liga olib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rdi. Po‘stlog‘i sarg‘ish-qizg‘ish meva “meni ye” degandek yal-yal yonardi. Bemor otam kuch to‘pladi-da, mevadan bir tishladi, uning sharbati dahani uzra oqib tushdi, oxirigacha amallab tanovvul qildi. Yengil tortdim va nokdan yana bir donasini uzatdim. Ammo u kishi boshini chayqadi. Kechga yaqin otamning joni uzildi... Bir dona nok ekan, u kishining armoni, ezilib-ezilib, to‘kilib-to‘kilib yig‘ladim. So‘nggi manzilga ketar chog‘da otamning duosini olib qolganim menga taskin beradi.
Dilda armon bo‘lmasin, agar afsus-nadomat o‘rtasa, har bandaki, o‘z hayotidan ko‘ngli to‘lmay yashaydi. Alloh taoloning roziligi birinchi o‘rinda tursa, ota-ona duosini olish, ularni hayotlik chog‘ida siylash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish har bir insonni baxtu saodat manziliga yetkazadi, bu bor gap, azaliy haqiqat.
“Hech kimdan kam bo‘lmasin!” debmanu...
1990-95 yillar edi, yanglishmasam, hozirgidek ijtimoiy tarmoqlar jamiyat hayotini ishg‘ol etmagan, odamlar televizor ko‘rib, radio eshitadigan zamonlar. O‘zbekiston televideniyesi orqali “Toychoq” videospektakli namoyish etildi. Bosh rollarni el nazariga tushgan Lutfulla va Gulchehra Sa’dullayeva, Fathulla Ma’sudov kabi aktyorlar o‘ynashgan. Teleasar g‘oyasi, syujeti farzand tarbiyasida qattiq yanglishgan ota-onaning afsus-nadomatiga bag‘ishlangan. Bolaning og‘zidan chiqqanini muhayyo qilish, unga haddan ziyod mehribonlik ko‘rsatish, qiynalmasligi uchun ota-onaning o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishi ko‘p hollarda tanazzulga olib kelishi “Toychoq” videospektakli mazmuniga chuqur singdirilgan. Ehtimol, qadamini noto‘g‘ri tashlab, barmog‘ini tishlab o‘tirgan zamondoshlarimiz spektaklda o‘z qiyofasini ko‘rishgandir. Farzand tarbiyasida xatolikka yo‘l qo‘yganini anglab, endi ularni “qayirib” ololmayotganlar oramizda yo‘q deysizmi?
–Turmush o‘rtog‘im bilan oilaviy mojarolarimiz juda kuchayib ketdi, pichoq borib suyakka qadaldiyu, ajrashdik,– deydi Toshkent shahrida yashovchi beva ayol. –Ikki qiz, ikki o‘g‘limni birovdan kam qilmay, qornini to‘q qilib, egniga brend darajasiga chiqqan qimmat kiyim-kechak ilibman. Otasi yo‘q, ko‘ngli o‘ksimasin, tengqurlari oldida mulzam bo‘lmasin, deb topganimni ularning og‘ziga tiqibman, afsuski, ularni boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilishga o‘rgatmabman. Kunda yegan och, oyda yegan to‘q bo‘larkan, ro‘zg‘orda nimadir uzilish bo‘lib qolsa, endi dodlab yuborishadi. Endi to‘rtovlonni yo‘lga sololmayapman, nafaqat menga, hattoki, ular bir-biriga sapchiydi. Ro‘zg‘or ishlari sansalor, tun yarmiga qadar telefon titkilash...Xullas, taqdir meni ne ko‘ylarga solmadi...
Tanish ayol yig‘lamsirab so‘zlaydi. Unga qanday taskin-tasalli berishni bilmaysan, kishi. Bu yuqorida zikr etilgan “Toychoq” videospektakli mazmuniga mos voqelik. Ota-onani rozi qilish savob ekanligini bilamizu, ba’zida teskari holatning ro‘y berishiga ularning o‘zlari ham sababchi bo‘lib qolishi haqida o‘ylab ko‘ravermaymiz. Qariyalar uyida istiqomat qilayotgan nuroniylar hayotini tahlil qilsangiz, bunga aynan ularning o‘zlari shart-sharoit yaratganini tan armon bilan tan olishadi. Xom sut emgan bandalar g‘isht qolipdan ko‘chgan paytdagina pushaymon chekadilar. Bunday xatolikdan Allohning O‘zi qaytarsin, O‘zi asrasin!
Islom dinidagi ezgu g‘oya
Muqaddas islom dini ota-onaga itoatda bo‘lish, izzat-hurmat ko‘rsatish va ularning roziligini olishni targ‘ib qiladi. Qur’oni karimning “Niso” surasi 36-oyatida “Va Allohga ibodat qiling, Unga hech narsani sherik keltirmang va ota-onangizga yaxshilik qiling”, deya marhamat qilinadi.
Darhaqiqat, muqaddas islom dini oilaning har bir a’zosi uchun u loyiq bo‘lgan maqom va darajani belgilab bergan. Oilada eng qadrlanishi lozim bo‘lgan zot bu ota-onadir. Insonning dunyoga kelishi Alloh taoloning g‘aybi va marhamati bo‘lsa, ota-ona zohiriy sababchi ekanligi barchaga ayon. Chortoq tumanidagi “Sulton Said” jome masjidi imom-xatibi Lutfulloh Davlatovning mulohazasini keltirib o‘tamiz:
–Har bandaning ota-onasiga yaxshilik qilishi ezgulikdan nishona. Bu hech qachon ularga qarshi chiqmaslik, xizmatlaridan bo‘yin tovlamaslik bilan o‘lchanadi. Donishmandlardan biri «Ota-onaga yaxshilik qilish ham farz, ham qarzdir. Farzligi Seni oxiratda Aloh rizosi va Jannatga kirishingga sabab bo‘lsa, qarzligi senga farzandlaringdan qaytishidir» degan ekan.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam matni uzun bir hadisning oxirida aytganlar: «Meni haq bilan payg‘ambar qilib yuborgan Zotga qasam. Kimga Alloh taolo mol ato etsa, bu molidan u ota-onasiga ehson bersa, jannatda men bilan birga bo‘ladi». Bir kishi: «Yo Rosulalloh, agar ota-onasi dunyodan o‘tib ketgan bo‘lsa-chi?» deb so‘radi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ularning nomidan sadaqa qiladi, Qur’on o‘qiydi va haqlariga duo qiladi. Agar bularni tark qilsa, ularga oqq bo‘ladi. Kim ularga oqq bo‘lsa osiy bo‘libdi», deb javob berdilar. Ulamolardan biri: «Ota-onang senga malol kelishidan xavfsirab, senga xushomad qilib muloyimroq so‘zlashayotgan bo‘lishsa bilginki, sen ularga oq bo‘lishni boshlabsan», degan ekan.
Ota-onaga yaxshilik qilish buyuk Alloh taolo tarafidan amr-farmon bo‘lishiga qaramay, bu boradagi holatimiz juda achinarli. Ba’zilar dunyo tashvishlari yoki farzandlari bilan ovora bo‘lib, ota-onasidan ko‘ngil so‘rashga, xizmatlarini qilib, bebaho duolarini olishga befarq, ertaga, indinga deb, ular bilan diydorlashuvni orqaga suradilar. Bilib olishimiz lozim bo‘lgan bir haqiqat borki, dunyoviy ishlarimiz ko‘p, cheki-chegarasi yo‘q, lekin ota ham, ona ham bir dona. Ishni, shaxsiy tashvishlarni bir oz keyinga sursak bo‘ladi, lekin ota-onaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda kechiqmaslik eng katta savob, chunki ular g‘animat, bugun bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan ushbu so‘zlarni eshitdim: «Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin! Xor bo‘lsin!». «Kim u, yo Rosulalloh», deb so‘rashdi. «Kim ota-onasining birini yoki ikkalasini qarilik chog‘ida topib, ularga yaxshilik qilib jannatiy bo‘lib olmagan bo‘lsa», dedilar. Qarangki, payg‘ambarimiz yashab o‘tgan damlarda ham ota-ona haqqi, hurmati baland tutilgan. Demak, ota-onalarimizni hayotlik chog‘ida g‘animat bilib, xizmatini qilsak, duosini olsak, vafotidan keyin tilovatimiz va savob amallarimiz bilan doimo yod etib tursak, ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoolloh!
Hulkar TO‘YMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
I darajali “Mehnat faxriysi”,
"Hurriyat" gazetasining 9-sonida chop etilgan.