Farz qilingan zakot cho‘ntaklardan olinadigan soliq emas, balki u eng avvalo insonlarga mehr-muruvvat va rahm-shafqat tuyg‘u, shiorlarini singdirish, turli tabaqalar o‘rtasida tanishuv va ulfatlik munosabatlarini mustahkamlashdir. Qur’oni Karimda zakot berishdan maqsad, g‘oya bayon etilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitoban: "Mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan. Ularning haqqiga duo qil. Albatta, duoying ular uchun taskindir. Alloh o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir" (Tavba surasi, 103-oyat) deyilgan.
Shuningdek, zakot joriy etilishining eng muhim hikmatlaridan biri, nafsni tubanlik kirligidan tozalash va jamiyatni oliy darajaga ko‘tarishdan iboratdir.
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh.
Izoh: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Zakot — Islomning ko‘prigidir" deganlar. Zakot berish bilan bevalar, yetimlar, nogironlar va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilinadi. U insonlar o‘rtasida aloqalarni yaxshilab, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi ko‘prik.
Olmaota shahrida O‘zbekistonning “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tashabbusi bilan xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqaro sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, ziyoratchilar oqimini O‘zbekistonga jalb etish hamda “Umra plyus” dasturi doirasida yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish maqsadida o‘tkazildi.
Yarmarkada 50 nafarga yaqin xorijiy hamkorlar hamda Markaziy Osiyo davlatlarining turizm sohasida faoliyat yurituvchi 600 nafarga yaqin vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda Olmaota shahrida joylashgan O‘zbekiston, Hindiston, Afg‘oniston va Belarus konsullik idoralari vakillari ham qatnashib, xalqaro turizm sohasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdi.
Tadbir doirasida “Umra plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi hamda Markaziy Osiyo davlatlarining yirik turoperatorlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilib, “Umra plyus” dasturi doirasida 2026 yil yakuniga qadar qariyb 10 ming nafar ziyoratchining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, turistik xizmatlar eksportini oshirish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan turizm sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda mamlakatimizga xorijiy ziyoratchilar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Olmaota shahrida o‘tkazilgan ushbu yarmarka O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida ziyorat turizmi markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash va xorijiy turoperatorlar bilan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir so‘nggida Bosh konsulxona vakillari tomonidan faol ishtirokchilar va hamkorlarga “Umra plyus” xalqaro turizm yarmarkasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati