Bismillahir Rohmanir Rohiym
G‘olib ot egari dunyoda eng aziz makon,
Kitob yaqin do‘stingdir sening, bo‘lsang kitobxon.
Siz doimo nimadir bilan mashg‘ul bo‘lishingiz va bo‘shashib, dangasalik qilib bekorchi bo‘lmasligingiz lozim. Buning uchun siz o‘rningizdan turib uyingiz va darsxonangizni tozalang, vazifalaringizni bajaring, namoz o‘qing, Qur’on yoki biror foydali kitoblarni o‘qing, foydali biror narsa tinglang yoki qo‘shnilaringiz va do‘stlaringiz bilan sizlarni Alloh tomon yaqinlashtiradigan mavzularda suhbat quring. Shunda siz saodat, mamnuniyat va shodlikni chinakamiga his etasiz. Hech qachon bo‘sh vaqtingizni bekorchilik bilan o‘tkazmang. Chunki behuda yurish insonga g‘am-qayg‘u, vasvasa va xafalik keltiradi. Bu narsalarni esa faqatgina biror foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lishgina ketkazadi.
Uy ichida chiroyli ko‘rinishingiz va xushbo‘ylanish uchun tashqi ko‘rinishingizga hamda uy ichini tartibli saqlashga alohida e’tibor qarating. Eringiz, farzandlaringiz, do‘st va yaqinlaringiz bilan go‘zal muomala qiling hamda ular bilan doimo tabassum va ochiqko‘ngillik bilan gaplashing.
Gunoh ishlardan juda ehtiyot bo‘ling. Xususan, harom etilgan narsalarga nazar solish, begona erkaklar uchun o‘ziga zeb berish va ular bilan xoli qolish, la’natlash, so‘kish, g‘iybat qilish, erning haqqini bilmaslik kabi ayollarda ko‘p uchraydigan gunohlardan chetda bo‘ling. Bu gunohlar ayollarimiz orasida keng yoyilib bormoqda. Undan faqat Alloh rahm qilganlargina omonda qolishi mumkin. Alloh taoloning g‘azabidan ehtiyot bo‘ling va U zotdan qo‘rqing. Chunki Unga taqvo qilish baxtli bo‘lishingiz va qalbingiz xotirjamligi kafolatidir.
Shu’la: Agar tashvish kelib, g‘am-qayg‘u ko‘paysa “Laa ilaha illalloh“, (Allohdan o‘zga iloh yo‘q) deb ayting.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan
#xabar #haj2026 #ellikboshi #vazifa
Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2026” mavsumida hojilar ibodatiga boshchilik qiluvchi guruh rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab, har bir ellikboshi Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda joriy mavsumni namunali o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olingani, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilgani, ziyoratchilar bilan uchrashuvlarda e’tibor qilinishi zarur bo‘lgan masalalarga urg‘u qaratildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z so‘zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, ahkomlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga javob berish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, haj amaliga oid shar’iy masalalarda faqat Fatvo markazi fatvolariga rioya etish, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, safarni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati