Izoh. Ibrohim Naxa’iy deydi: “O‘tgan azizlar bir kishidan ilm olish uchun borar ekan, uch narsaga e’tibor qaratardilar: olimning salobatiga, namoziga va holatiga, keyin undan ilm olardilar. Ularning eng avval nazar soladigan jihati olim yoki muhaddisning odobi bo‘lardi.
Imom Ahmad rahimahullohning ilm majlislarida besh mingdan ortiq kishi jamlanardi. Shulardan besh yuztasi hadislarni yozib olar, qolganlar husni odob va samt – salobat va viqor hosil qilish ilmini o‘rganardilar”.
Ibn Muborak aytadi: “biz ko‘p ilmdan ko‘ra kamroq odobga muhtojmiz”. Ya’ni, odob ilmdan muhimroqdir. Ilmi ko‘p bo‘lgani bilan bilganiga amal qilmasa, bunday ilmdan foyda yo‘q. Amal ilmning guli bo‘lsa, mevasi odobdir. Shuning uchun, garchi kamroq bo‘lsa ham, natijasi amal bilan tugagan ilm amalsiz ko‘p ilmdan yaxshiroq. Ilmi ko‘pu odobi yo‘q olimdan odamlar qochadi. Negaki, uning odobsizligi tolibi ilmlar va uning o‘rtasiga to‘siq bo‘ladi.
Hozirjavoblik qanday yaxshi ko‘makchi.
Izoh. Javobning o‘z o‘rnida, zudlik bilan, eng muvofiq tarzda yuzaga chiqishi hozirjavoblikdir. Bu xususiyat aksar tug‘ma bo‘ladi.
Abbosiy xalifalardan Horun ar-Rashidning o‘g‘li Al-Mo‘tasim billah hali yuzidan go‘daklik shirasi arimagan bola Fath ibn Hoqonning qo‘lidagi qimmatbaho toshni ko‘rib, unga: “Ey Fath, qo‘lingdagi tosh menikidan chiroyliroq ekan-a?” – dedi. “Ha, ey mo‘minlar amiri, bu chiroyli toshni ushlagan qo‘l ham narigi toshni ushlab turgan qo‘ldan yaxshiroq-da!” – deya javob berdi Fath. Yosh bolaning hozirjavobligi mo‘minlar amirini hayratga soldi va darhol unga sovg‘a va libos keltirishlarini amr qildi.
Lekin tajriba bilan ham hozirjavoblik malakasini hosil qilish mumkin. Ayniqsa, bitta sohani ipidanignasigacha to‘la egallagan insonlarda bu holat ko‘proq kuzatiladi. Alloh ato etgan aql, fahmfarosat, jiddu jahdni o‘zi qiziqqan soha, kasbhunarga cheksiz sadoqat bilan yo‘naltirishda charchamagan kishiga ayni ne’mat tuhfa etiladi.
Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammad xolasining o‘g‘li Kisoiyga, ya’ni nahv ilmining mashhur olimiga:
– Shunday xotirang bo‘laturib, nega fiqh ilmi bilan shug‘ullanmaysan? – dedi.
– Kishi bir ilmni puxta bilsa, o‘sha bilimi uni boshqa ilmlarda ham to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi, – dedi Kisoiy. Shunda Muhammad aytdi:
– Unday bo‘lsa, senga fiqh ilmidan bir masala aytaman, javobini nahv ilmidan chiqarib ber-chi.
– Ayting, – dedi Kisoiy.
– Sajdai sahv qilgan yo qilmaganini unutgan kishiga sajdai sahv vojib bo‘ladimi? – so‘radi Muhammad.
Kisoiy ozgina o‘ylaganidan so‘ng: – Unga sajdai sahv vojib emas, – dedi.
– To‘g‘ri aytding, bu javobni nahv ilmining qaysi qoidasidan chiqarding? – qiziqib so‘radi Imom Muhammad, shunda Kisoiy:
– “Kichraytirilgan ism qayta kichraytirilmaydi” (masalan, “quyoncha” so‘zini yana kichraytirish uchun “quyonchacha” deyilmagani kabi) degan qoidadan, – dedi.
Xoh tug‘ma bo‘lsin, xoh kasb etib hosil qilingan bo‘lsin, hozirjavoblik aksar holatda insonga eng yaxshi ko‘makchidir!
Odobsiz aql sharmandalik, aqlsiz odob halokatdir.
Izoh. Odob va aql birbirini taqozo etuvchi kuchlardir. Shuning uchun aytilgan: “Aqlsizda odob, odobsizda aql yo‘q”.
Aliy roziyallohu anhu deydi: “Har bir narsa aqlga muhtoj, aql esa odobga muhtoj, aql va odobdan boshqa har qanday qadr-qiymatning chegarasi bor”.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Odob talabida bo‘l, chunki odob aqlga ziyodalik, muruvvatga dalil, yolg‘izlikda ulfat, g‘ariblikda hamroh, faqirlikda mol-davlatdir”.
Hasan Basriy rahimahullohdan manfaati eng ko‘p odob haqida so‘raldi. Shunda u dedi: “Dinda faqihlik, dunyoda zohidlik va zimmangdagi haqlarni Alloh uchun tanish”.
Rashid ZOHID tarjimasi,
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 2-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam Rabbilari azza va jalladan hikoya qilib aytadilar: “Bir banda gunoh qilib qo‘ydi va: “Allohim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi”, dedi. So‘ng banda yana qaytdi va gunoh qildi. U: “Ey Rabbim, gunohimni mag‘firat qil!” dedi. Shunda Alloh taboraka va taolo: “Bandam gunoh qildi va gunohni kechiradigan hamda gunoh uchun jazolaydigan Rabbi borligini bildi. Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” dedi”» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
“Va gunoh uchun jazolaydigan”, ya’ni o‘sha gunohni qilgan kishini azoblashga qodir ekanini bildi. Imom Buxoriy rivoyatida: “Bandamni mag‘firat qildim” degan ziyodasi bor.
Ulamolar bu hadisni ikki xil izohlaganlar:
Birinchisi, kim bir gunohiga xolis tavba qilib, unga qaytmaslikka qat’iy qaror qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Shundan keyin nafsi yoki shayton g‘olib kelib, yana o‘sha gunohni qilib qo‘ysa-yu, so‘ng ikkinchi bor pushaymon bo‘lib, yana qaytmaslik ahdi bilan xolis tavba qilsa, uning tavbasi maqbuldir. Bu jarayon shu tarzda davom etaveradi. Hadisdan murod – har gal tavba qilayotganda “unga boshqa qaytmayman” degan azmu qarorda bo‘lish. Chunki tavba faqat quyidagi ikki asosiy shart bilan mukammal bo‘ladi: gunohni darhol to‘xtatish va unga boshqa qaytmaslikka qat’iy qaror qilish. Agar inson shu niyat bilan, ya’ni har safar “boshqa qilmayman” degan chin ahd bilan tavba qilsa-yu, lekin insoniy ojizlik yoki shayton g‘olib kelib, gunohni takrorlasa ham, uning tavbasi qabul qilinaveradi. Bu holat yuz, hatto ming marta takrorlansa ham. Modomiki, har tavbasini boshqa unga qaytmaslik azmu qarori bilan qilsa, Alloh uni kechiradi.
“Xohlagan ishingni qil, seni mag‘firat qildim!” Banda, modomiki, har safar gunoh qilganida pushaymon bo‘lib, istig‘for aytib, tavba qilar ekan, Alloh taolo uni kechiraveradi. Bu aslo gunohda davom etish degani emas, balki har gal xatodan so‘ng yangi tavba bilan poklanish demakdir.
Ikkinchisi, bu o‘rinda faqatgina istig‘for – Alloh taolodan mag‘firat so‘rash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin. Istig‘for tushunchasi tavbadan ko‘ra kengroqdir. Istig‘forda, tavbadan farqli o‘laroq, gunohni darhol to‘xtatish yoki unga qaytmaslik ahdi shart qilinmaydi, balki mag‘firatning o‘zi so‘raladi, xolos. Kim shu ma’noda istig‘for aytsa, uning gunohi kechirilishiga kafolat berilmaydi. Faqat Alloh taolo unga O‘z lutfi va marhamati bilan muomala qilib, kechib yuboradigan holatlar mustasno.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki, hadisga berilgan birinchi izoh to‘g‘ridir. Chunki gunohda davom etaturib, tilida istig‘for aytadigan kimsalar shariatda qoralangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom: “Gunohidan tavba qilgan kishi go‘yo gunohi yo‘q kishi kabidir. Gunohni to‘xtatmay turib istig‘for aytuvchi kimsa esa Rabbisini masxara qilayotgan kishi kabidir” (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Gunohni to‘xtatmasdan aytilgan istig‘for – yolg‘onchilarning tavbasidir”.
Hadisda “tavba” emas, “istig‘for” lafzi ishlatilgan bo‘lsa-da, bu lafz ko‘pincha tavba ma’nosida qo‘llaniladi. Garchi lug‘atda “istig‘for” faqatgina “kechirim so‘rash” ma’nosini bildirsa ham, shar’iy istilohda u ko‘pincha tavbani ham o‘z ichiga oladi.
Imom G‘azzoliy va boshqa ba’zi olimlar quyidagi fikrni ilgari surganlar: “Agar inson biror sababga ko‘ra biror gunohni butunlay tark etishga o‘zida kuch topa olmayotgan bo‘lsa, istig‘forni butunlay tashlab qo‘ygandan ko‘ra, pushaymonlik va istig‘for aytish bilan Allohga yuzlanib turishi afzaldir. Garchi bunday istig‘for mag‘firatni kafolatlamasa-da, inshoalloh, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, bu istig‘for vaqti kelib, bandaning o‘sha gunohni haqiqiy tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday kishi istig‘forni aslo tark etmasligi kerak”.
Tavbadagi nozik nukta shuki, banda tavba qilayotgan paytida o‘z ixtiyori bilan bu gunohga qaytmaslikka qalban azmu qaror qilishi kerak. Garchi uning qalbida “nafsim g‘olib kelib, men yana shu gunohni qilib qo‘ysam-chi?” degan xavotir bo‘lsa ham, tavbaning sahihligiga putur yetmaydi. Muhimi – tavbani chin ko‘ngildan gunohga qaytmaslik azmu qarori bilan qilish va unda sobit turishni Alloh taolodan so‘rash.
Tavba orqali banda o‘zining ojizligini va Parvardigorining mag‘firatiga muhtoj ekanini izhor qiladi. Mana shu haqiqiy bandalikdir. Shu yo‘l bilan u Alloh taoloning mag‘firatiga, marhamatiga erishadi, inshoalloh.
“Takmilatu Fathil mulhim” asari asosida Azizbek XOLNAZAROV tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 9-sonidan