Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2026   |   8 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:04
Peshin
12:35
Asr
17:38
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2026, 8 Safar, 1448

Nabaviy tabobat mahsulotlari: asal

27.04.2026   12933   2 min.
Nabaviy tabobat mahsulotlari: asal

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo yaratgan ajib ne’mat, insonning salomatligi uchun eng foydali mahsulotlardan biri asaldir.

Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿وَأَوْحَى رَبُّكَ إِلَى النَّحْلِ أَنِ اتَّخِذِي مِنَ الْجِبَالِ بُيُوتًا وَمِنَ الشَّجَرِ وَمِمَّا يَعْرِشُونَ ثُمَّ كُلِي مِنْ كُلِّ الثَّمَرَاتِ فَاسْلُكِي سُبُلَ رَبِّكِ ذُلُلًا يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ﴾

«(Ey, Muhammad!) Robbingiz asalarilarga vahiy (bo‘yruq) qildi: Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga inquringiz”. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!» Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir» (Nahl surasi, 68-69-oyatlar).

Hadisi sharifda ham juda ko‘p o‘rinlarda asalning shifo ekani bayon qilingan. Jumladan: Abu Mutavakkildan, u Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bir kishi kelib: “Mening bir birodarim qorni(kasalligi)dan shikoyat qilmoqda”, dedi. Boshqa rivoyatda; “Oshqozoni darmonsiz bo‘ldi”, deyilgan. U zot alayhissalom: “Unga asal ichirgin”, dedilar. U kishi jo‘nab ketdi va yana qaytib kelib: “Asal ichirgan edim. Undan biror narsani ketkazmadi”, dedi. Boshqa rivoyatda: “U (asal) faqat darmonsizlikni ziyoda qildi xolos”, dedi. Ikki yoki uch marta kelgan edi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga yana: “Asal ichir!” dedilar.Uchinchi yoki to‘rtinchisida: “Alloh rost gapiradi. Do‘stingni qorni yolg‘onchi ekan”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati).

“Sahihi Muslim”da: “Do‘stingni qorni tuzalmas kasallikka chalinibdi” lafzi keltirilgan. Ya’ni, hazmi buzilibdi, oshqozoni kasallanibdi degan ma’noda.

Yana bir hadisda: “O‘zlaringizga ikki shifo; asal va Qur’onni lozim tutinglar” deyilgan (Imom Moja, Imom Hokim rivoyati).

Asal mijozi nam, sovuq kishilar uchun eng yaxshi ozuqadir. U jigar, yurakni tozalaydi. Siydikni haydaydi. Ko‘zga surtilsa, ko‘rish qobiliyatini oshiradi.

Erta tongda asalni suvga aralashtirib ichishda juda ko‘p foyda bo‘lib, salomatlikni yaxshilaydi va zehnni oshiradi.

"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota – oila ustuni

21.07.2026   4928   2 min.
Ota – oila ustuni

Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat).  Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.

Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.

Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.

Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.

Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.

Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

Maqolalar