Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa

13.05.2026   27398   1 min.
Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ey, zamonni ayblab so‘kuvchi inson,
O‘yla
, o‘zingmisan beayb benuqson?!

Diningizni teran anglashingiz saodatingiz sabablaridan biridir. Chunki dinni o‘rganish ko‘ngilni keng qiladi va Robbingizni rozi etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa uni dinda faqih (dinni teran anglaydigan) qilib qo‘yadi.

Shunday ekan, diningizni o‘rgatadigan, ilmingizni ziyoda qiladigan manfaatli kitob, maqolalarni o‘qing.

Shuni bilingki, eng afzal amallarningiz bu sizning Qur’oni karimni tushunishga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini fahmlashga qilgan harakatingizdir. Ko‘proq ular haqida tafakkur qiling, dugonalaringiz bilan shu haqida suhbat quring, imkon qadar yodlashga intiling, tinglang va amal qilishga harakat qiling.

Inson o‘zining dinini yaxshi bilmasligi qalbdagi zulmat va ko‘ngil torligiga olib boradi. Shuning uchun, kichik bo‘lsada bir kutubxona tashkil eting va unga foydali kitoblarni yig‘ib boring. Vaqtingizni saviyasiz qo‘shiqlar va seriallar ko‘rib zoye qilmang, chunki umringizning har bir soniyasi hisob-kitobli, uni Allohning roziligi uchun sarf eting.

Shu’la: Eng qattiq qiyinchiliklar ham o‘ziga ishongan, dadil insonning tabassumi bilan oson va yengil bo‘lib qoladi.

Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan

Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   42690   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV