O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning arz va takliflarini tinglash hamda ularga amaliy ko‘mak berish tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Ana shunday qabullardan biri bugun, 13 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga tashrif buyurgan fuqarolarni navbatdagi qabuli bo‘lib o‘tdi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda imom-xatiblar faoliyatiga oid takliflar, murakkab oilaviy munosabatlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qabul jarayonida murojaatchilarning shar’iy masalalar bo‘yicha so‘rovlariga batafsil javob berilib, oilaviy muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi, shuningdek, moddiy yordam so‘rab kelgan ehtiyojmand kishilarga belgilangan tartibda ko‘mak ko‘rsatildi.
Bu kabi xayrli tashabbuslar nafaqat markazda, balki respublikamizning barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida ham har haftaning chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan izchil amalga oshirilmoqda.
Zero, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
"... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati