Shu yil 18 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining boy ma’naviy merosini, tasavvuf ta’limotining asl insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib etishdir.
Uchrashuvda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov yurtimiz allomalarining ilmiy merosi butun islom olami uchun beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxo‘ja domla Inoyatov ham mazkur hamkorlikdan mamnun ekanini bildirib, Toshkent islom institutini diniy ta’lim muassasalari orasida yetakchi dargohlardan biri sifatida e’tirof etdi.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar birgalikda kitoblar nashr etish, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish, dolzarb ilmiy maqolalar tayyorlash hamda talabalarning bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ustozlik qilish kabi muhim yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qiladilar. Bu sheriklik tasavvufning sof ilmiy asoslarini keng yoyish va soxta tariqatchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiligida Yakkabog‘ tumani markazidagi "Jome" masjidida navbatdagi sayyor seminar o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Firdavs Sattorov, viloyat tarkibidagi shahar va tumanlarning bosh imom-xatiblari hamda Yakkabog‘ tumani diniy soha xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda hududlarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning natijadorligi, aholi va oilalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish samaradorligi hamda yoshlar tarbiyasiga doir tadbirlar ijrosi atroflicha tahlil qilindi. Ayniqsa, «har bir xonadonga kirib borish» tamoyili asosida fuqarolarning diniy-ma’rifiy ehtiyojlarini o‘rganish va sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash zarurligi alohida qayd etildi.
Shu bilan birga, yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom — muborak Qurbon hayitini yuqori saviyada kutib olish va unga ko‘riladigan puxta tashkiliy tayyorgarlik masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Yig‘ilish yakunida barcha imom-xatiblarga zimmalaridagi mas’uliyatli vazifalarni sidqidildan bajarish, mahallalarda sog‘lom muhitni ta’minlash va xalqimizning diniy soha xodimlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Qurbon hayiti namozi va tadbirlarini tinch-osoyishta, tartibli hamda yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan aniq topshiriq va tavsiyalar belgilab olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati