Shu yil 18 may kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining boy ma’naviy merosini, tasavvuf ta’limotining asl insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish va keng targ‘ib etishdir.
Uchrashuvda Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov yurtimiz allomalarining ilmiy merosi butun islom olami uchun beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi direktori Azizxo‘ja domla Inoyatov ham mazkur hamkorlikdan mamnun ekanini bildirib, Toshkent islom institutini diniy ta’lim muassasalari orasida yetakchi dargohlardan biri sifatida e’tirof etdi.
Imzolangan hujjatga ko‘ra, tomonlar birgalikda kitoblar nashr etish, ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish, dolzarb ilmiy maqolalar tayyorlash hamda talabalarning bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalariga ustozlik qilish kabi muhim yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qiladilar. Bu sheriklik tasavvufning sof ilmiy asoslarini keng yoyish va soxta tariqatchilikning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 20 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raisligida Qurbon hayitiga ko‘riladigan tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.
ZOOM platformasi orqali onlayn shaklda tashkil etilgan mazkur videoselektor yig‘ilishida Diniy idora tizimidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklarining bosh imom-xatiblari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Muhokamalar markazida ulug‘ ayyom — Qurbon hayiti namozlarini yurtimizda uyushqoqlik, yuqori tartib-intizom va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish masalalari turdi. Xususan, hayit namozi vaqtlarini belgilash, joylardagi masjidlarning bayram tadbirlariga shaylik holatini ko‘zdan kechirish, namozxonlar uchun xavfsizlik va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilgan holda barcha qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Muqaddas dinimizning ezgu tamoyillariga muvofiq, ayyom arafasida mehr-muruvvat va saxovat tadbirlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada hududlardagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan dalda bo‘lish yuzasidan imom-xatiblarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, yurtimizdagi qabriston va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, tozalik ishlarini kuchaytirish hamda atrof-muhitni tartibga keltirish bo‘yicha uyushqoqlik bilan hasharlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida barcha hududiy vakilliklarga hayit tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va fuqarolarimizning ibodatlarini emin-erkin ado etishlarini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati