Qurbon hayiti munosabati bilan Buxoro viloyatida Ko‘zi ojizlar jamiyatining 20 nafar a’zosiga 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya to‘plamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov boshchiligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda hamyurtlarimizga bayram tabriklari va ezgu tilaklar bildirildi.
O‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun fuqarolar minnatdorlik izhor etib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun duolar qildilar.
Mazkur xayrli tashabbus Qurbon hayitining insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak diniy-insoniy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Hadis ilmi maktabining 2-bosqich talabalari buyuk muhaddis Imom Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziyning mashhur «Sunani Termiziy» asarini muvaffaqiyatli tamomlab, ushbu muborak ilm silsilasining ijozalarini (shahodatnomalarini) qo‘lga kiritdilar.
Kitobning yakuniy xatm tadbiri ramziy ma’noda Termiz shahrida, Imom Termiziy rahmatullohi alayh qo‘nim topgan tabarruk ziyoratgohda bo‘lib o‘tdi. Unda institut o‘qituvchisi, doktor Saloh Iso hamda Hadis kafedrasi mudiri Mahmudjon domla Abdurahmonov so‘zga chiqib, hadis ilmining fazilati va muhaddislar merosini o‘rganishning ahamiyati haqida qimmatli fikrlar bildirdilar.
Xatm jarayonida fan o‘qituvchilari Beknazar Muhammad Shakur va Abdulhay Xushvaqtov «Sunani Termiziy» kitobining so‘nggi hadislarini sharhlab, talabalarga ilmiy va tarbiyaviy tavsiyalar berdilar.
E’tiborlisi, tadbir davomida kelgusi o‘quv yilida ushbu asarni o‘qishi rejalashtirilgan 1-bosqich talabalari ham kitobni boshlab berishdi. Shu tariqa, ilm silsilasi uzilmasdan davom etib, bir guruh kitobni xatm qilgan bo‘lsa, yangi avlod uni o‘rganishga kirishdi.
Alloh taolo ushbu muborak kitobdan olingan ilmlarni manfaatli qilib, muhaddislar merosini kelgusi avlodga yetkazish yo‘lidagi xizmatlarni barakali qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati