Qurbon hayiti munosabati bilan Buxoro viloyatida Ko‘zi ojizlar jamiyatining 20 nafar a’zosiga 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya to‘plamlari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov boshchiligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda hamyurtlarimizga bayram tabriklari va ezgu tilaklar bildirildi.
O‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun fuqarolar minnatdorlik izhor etib, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi uchun duolar qildilar.
Mazkur xayrli tashabbus Qurbon hayitining insonparvarlik, mehr-oqibat va saxovat kabi yuksak diniy-insoniy qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati