Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyun, 2026   |   17 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:35
Shom
19:56
Xufton
21:31
Bismillah
04 Iyun, 2026, 17 Zulhijja, 1447
Yangiliklar

"Haj – 2026" mavsumida qancha ziyoratchi ulug‘ ibodatni ado etdi?

03.06.2026   2277   1 min.

Saudiya Arabistonining rasmiy statistika idorasi (General Authority for Statistics) ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilgi Haj mavsumida butun dunyodan jami 1 million 707 ming 301 nafar ziyoratchi haj amalini ado etdi. Ularning 1 million 546 ming 655 nafari xorijdan kelgan mehmonlar bo‘lsa, 160 ming 646 nafarini Saudiya Arabistoni fuqarolari va rezidentlari tashkil qildi.

Muborak ibodatni ado etganlarning 893 ming 396 nafari erkaklar, 813 ming 905 nafari esa ayollardir.

Xorijlik ziyoratchilarning asosiy qismi, ya’ni 1 million 485 ming 729 nafari muqaddas zaminga samolyotda yetib kelgan. Shuningdek, 54 ming 429 nafar ziyoratchi avtomobil yo‘llari, 6 ming 497 nafari esa dengiz orqali borgan.

Millionlab insonlar bir vaqtning o‘zida yig‘iladigan bunday ulkan tadbirni boshqarish dunyodagi eng katta tashkiliy jarayonlardan biri hisoblanadi. Shu bois, Saudiya rasmiylari oxirgi yillarda Haj ziyoratini raqamli boshqaruv, xavfsizlik va logistika jihatidan yanada tizimlashtirishga, ziyoratchilarga maksimal qulayliklar yaratishga katta e’tibor qaratmoqda.

Alloh taolo barcha hojilarimizning ziyoratlarini qabul aylab, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini nasib qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Rukudan avval va rukudan keyin qo‘llar ko‘tarilmaydi

03.06.2026   2340   3 min.
Rukudan avval va rukudan keyin qo‘llar ko‘tarilmaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rukudan avval va rukudan keyin qo‘llar otning dumiga o‘xshab ko‘tarilmaydi. Hanafiy va Molikiy mazhabi ulamolari namozda rukudan avval va rukudan keyin yoki uchinchi rakatning qiyomiga turganda qo‘l ko‘tarilmasligini aytadilar. Bu so‘zlariga quyidagi hadisni dalil qiladilar. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqib: «Nimaga sizlarni ikki qo‘llaringizni qaysar otning dumiga o‘xshab ko‘tarayotganingizni ko‘ryapman?! Namozda sokin turinglar» dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Asvaddan rivoyat qilinadi: «Umar ibn Xattobning avvalgi takbirda ikki qo‘lini ko‘targanini ko‘rdim. Keyin buni qaytarmadi» Imom Tahoviy rivoyati.

Osim ibn Kulayb otasidan, u Alqamadan rivoyat qiladi: «Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Sizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozlarini o‘qib beraymi?» deb namoz o‘qidi. Ikki qo‘lini birinchi martada ko‘targandan boshqa ko‘tarmadi».

Sajdaga borganda avval tizza yerga qo‘yiladi. Sajdaga borilayotganda yerga yaqin a’zolar birin-ketin yerga qo‘yiladi, ya’ni avval tizza, keyin qo‘llar va yuz. Sajdadan turayotganda yerdan uzoq a’zolar birinchi ko‘tariladi, ya’ni yuz, qo‘l, tizza. Zaruratsiz yerga tayanib turish makruh. «Fatavoi Hindiya» kitobida bunday deyiladi:  «Agar namozxon sajda qilishni xohlasa, avvalo yerga yaqin bo‘lgan a’zoni (yerga) qo‘yadi. Bas (shunday ekan), avval tizzasini, so‘ng ikki qo‘lini, so‘ng burnini, so‘ngra peshonasini yerga qo‘yadi. Sajdadan turganida avval peshonasini, so‘ng burnini, so‘ngra ikki qo‘lini ko‘taradi...».

«Muxtasarul-viqoya» kitobida esa:  «(Namoz o‘quvchi) rukudan so‘ng takbir aytadi va sajda qiladi. Sajdaga borish asnosida avval tizzalarini so‘ngra qo‘llarini yerga qo‘yadi, (sajdadan turganida) takbir aytadi va avval boshini so‘ngra ikki qo‘li va tizzalarini yerdan ko‘taradi...», deyilgan.

Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sajda qilganlarida qo‘llaridan avval tizzalarini yerga qo‘yganlarini va sajdadan qaytayotganlarida tizzalaridan avval qo‘llarini yerdan ko‘targanlarini ko‘rdim», deyiladi (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Boshqa rivoyatda esa: «Biz hazrat Umar roziyallohu anhuning namozlaridan shuni o‘rgandikki, u kishi ruku qilganlaridan keyin huddi tuya cho‘kkalagandek cho‘kkalar edilar va tizzalarini qo‘llaridan avval yerga qo‘yardilar», deyiladi (Imom Tahoviy Alqama va Asvad roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar).

Bu borada bir qancha hadislar mavjud. Molikiy mazhabidan tashqari barcha mazhab olimlari ushbu hadislarni daqiq o‘rganib, «sajda qilishda avvalo yerga yaqin a’zolar yerga qo‘yiladi va sajdadan turishda esa yerdan uzoq bo‘lgan a’zolar yerdan ko‘tariladi», degan fikrga ittifoq bo‘lganlar. Oyoqlarning barmoqlari qiblaga qaragan holda egilib, avval tizza yerga qo‘yiladi. So‘ngra, burun va peshona qo‘yilib, sajda qilinadi.

Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatimizning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari bir mazhab – Imom A’zam rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilishlari o‘ta muhim va juda zarurdir. Bu haqda Valiyulloh Dehlaviy rahmatullohi alayh «Al-Insof fiy bayon sabab al-ixtilof»da shunday yozadi: «Agar bir omi odam Hind yoki Movarounnahr diyorida yashasa, u yerda Shofe’iy, Molikiy yoki Hanbaliy mazhablarining birorta olimi ham, shu mazhabga tegishli kitoblar ham bo‘lmasa unga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi va bu mazhabdan chiqishi harom bo‘ladi».

P. Yusupov,
Namangan tuman bosh imom-xatibi

MAQOLA