Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyun, 2026   |   17 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:35
Shom
19:56
Xufton
21:31
Bismillah
04 Iyun, 2026, 17 Zulhijja, 1447
Yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi xayriya tadbirlarida qatnashdi

04.06.2026   1939   2 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyadagi xayriya tadbirlarida qatnashdi

Muqaddas Qurbon hayitini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Safar davomida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Mirzo G‘olib” jome masjidi imom-xatibi Isaxon Begmatov, Samarqand viloyati Urgut tumani bosh imom-xatibi, “Mulla Shodi bobo” jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ani Hasanov hamda Toshkent shahridagi “Jobir ibn Abdulloh” jome masjidi imom-xatibi Mirza Alixonovdan iborat delegatsiya Koreya musulmonlari federatsiyasi raisi Husayn Kim Don Yok bilan uchrashdi.


Muzokaralar chog‘ida tomonlar Janubiy Koreyadagi musulmon jamoasining bugungi holati, dinlararo muloqotni rivojlantirish masalalari hamda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.


Diniy-ma’rifiy ishlar, dinlararo o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy o‘ziga xoslikni saqlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va muntazam aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.


Tashrif doirasida Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun ma’rifiy suhbat uyushtirildi. Tadbir davomida ma’naviy-axloqiy tarbiya, o‘zbek diasporasi hamjihatligini mustahkamlash, an’anaviy oilaviy qadriyatlar hamda o‘zaro hurmat madaniyatini asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.

 

Shuningdek, delegatsiya jamoaviy namoz o‘qidi, ishtirokchilarga tinchlik-farovonlik, iymonni mustahkamlash, xorijda yashash sharoitida milliy va diniy an’analarni saqlashga oid pand-nasihatlar berib, ezgu tilaklar bildirdi.


Tashkil etilgan “Ehson” xayriya tadbirida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.


Aksiyaning asosiy maqsadi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, o‘zaro yordam va birdamlik an’analarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Xayriya dasturxoniga 100 nafardan ortiq yurtdosh taklif etildi, 50 ta ehtiyojmand oilaga bayram sovg‘alari ulashildi.


Isaxon Begmatov Qurbon hayitining ma’naviy ahamiyati, xayriya, birdamlik va o‘zaro ko‘makning, shuningdek, Vatandan yiroqda milliy va diniy an’analarni asrashning muhimligi haqida so‘z yuritdi.


Shu kabi ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston fuqarolari ko‘plab istiqomat qiladigan Kyonsan, Kimxe, Chunchon, Kvanju, Mokpo, Kunsan va Tejon shaharlarida ham o‘tkazildi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ilm olishda ta’til yo‘q

04.06.2026   1934   3 min.
Ilm olishda ta’til yo‘q

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yurtimizga Yoz oylari kirib keldi. Shukrlar bo‘lsin. 

Maktablarda o‘kuv yili tamomlandi. Kecha birinchi sinfga qadam qo‘ygan bitiruvchiga ham aylandi.

Maktabgi tamomlaganlar Oliy dargohlariga talaba bulish umidida arizalar topshirish taraddudida. 
Bitiruvchi o‘kuvchilardan boshqa farzandlarimiz yozgi ta’til davrida oila bag‘rida. Ammo ming afsuski, o‘kuv yili tugadi degani, ta’lim olish tarbiya olish tugamadi.

Zero, Rasulullox alayxissalom: Beshikdan kabrgacha ilm izla!” dedilar.

E’tibor berayliga, beshikdan kabrgacha degan zamon uz ichiga yoz oylarini xam oladi.

Dono xalqimizda ajib nakl bor. 

“Do‘stni g‘aflati dushmanni ganimati”

Darhaqiqat farzandlarimizni nazoratsiz qoldirsak, hoxlagan ishlariga qo‘l urishlari aniq.
Alloh taolo insonni ilm bilan sharafladi. Ilm – qalblarni yoritadigan nur, jaholat zulmatidan najot beradigan yo‘ldir. Shu sababli mo‘min banda ilm olishni ma’lum bir faslga, yoshga yoki vaqtga bog‘lab qo‘ymaydi. Chunki ilm olish ibodati umrning oxirigacha davom etadigan sharafli vazifadir.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?” (Zumar surasi, 9-oyat).

Yana bir oyatda: “Alloh sizlardan imon keltirganlarni va ilm berilgan zotlarni baland darajalarga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Bu oyatlar ilm ahlining Alloh huzuridagi yuksak maqomini ko‘rsatadi. Ilm egallash uchun yozning issig‘i, qishning sovug‘i, ta’til yoki boshqa bahonalar to‘siq bo‘la olmaydi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alahhi vasallam marhamat qiladilar: “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir” (Ibn Moja rivoyati).

Hadisda ilm talab qilish uchun muddat yoki cheklov belgilanmagan. Demak, musulmon kishi doimo o‘rganishda, izlanishda va o‘zini kamolga yetkazishda davom etishi kerak.

Salaf ulug‘larimiz ilm yo‘lida mislsiz sabr va matonat ko‘rsatganlar. Imom Abu Hanifa rahimahulloh, Imom Buxoriy rahimahulloh, Imom Termiziy rahimahulloh kabi buyuk allomalar umrlarining so‘nggi damlarigacha ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Ular uchun “dam olish” ilmni tark qilish emas, balki ilmni yanada mustahkamlash vositasi edi.

Afsuski, ba’zan ayrim kishilar ta’til kunlarini bekorchilik, foydasiz mashg‘ulotlar yoki vaqtni behuda sarflash bilan o‘tkazadilar. Holbuki, bir daqiqa ham qaytib kelmaydi. Vaqt – Allohning eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Rasululloh sallollohu alahhi vasallam aytadilar: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ularda aldanib qoladilar: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shuning uchun ta’til kunlari Qur’on tilovati, diniy va dunyoviy foydali kitoblarni mutolaa qilish, ilmiy suhbatlarda qatnashish, yangi ko‘nikmalarni o‘rganish bilan bezatilishi lozim.
Ilmning eng go‘zal jihati shundaki, u insonni dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga eltadi. Mol-dunyo sarflansa kamayadi, ilm esa ulashilgan sari ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun haqiqiy muvaffaqiyat egasi – vaqtini ilm bilan qadrlagan kishidir.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tmoqchimiz. 

Ta’til maktabda, oliygohda yoki ish faoliyatida bo‘lishi mumkin. Ammo ilm olishda ta’til bo‘lmaydi. Mo‘min inson har kuni yangi bir foydali ma’lumot o‘rganishga, Qur’on va sunnat ilmlarini egallashga intiladi. Chunki ilm yo‘li – jannat yo‘lidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kim ilm izlash yo‘liga kirsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyati).

Alloh taolo barchamizni ilmni sevuvchi, unga amal qiluvchi va uni boshqalarga yetkazuvchi bandalaridan qilsin.


Shuhratilla Isroilov,
Uchqo‘rg‘on tumani bosh imom-xatibi.

Maqolalar