Muqaddas Qurbon hayitini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safar davomida Toshkent shahri Olmazor tumanidagi “Mirzo G‘olib” jome masjidi imom-xatibi Isaxon Begmatov, Samarqand viloyati Urgut tumani bosh imom-xatibi, “Mulla Shodi bobo” jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ani Hasanov hamda Toshkent shahridagi “Jobir ibn Abdulloh” jome masjidi imom-xatibi Mirza Alixonovdan iborat delegatsiya Koreya musulmonlari federatsiyasi raisi Husayn Kim Don Yok bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar Janubiy Koreyadagi musulmon jamoasining bugungi holati, dinlararo muloqotni rivojlantirish masalalari hamda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Diniy-ma’rifiy ishlar, dinlararo o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, madaniy o‘ziga xoslikni saqlash va gumanitar aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va muntazam aloqalarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Tashrif doirasida Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun ma’rifiy suhbat uyushtirildi. Tadbir davomida ma’naviy-axloqiy tarbiya, o‘zbek diasporasi hamjihatligini mustahkamlash, an’anaviy oilaviy qadriyatlar hamda o‘zaro hurmat madaniyatini asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya jamoaviy namoz o‘qidi, ishtirokchilarga tinchlik-farovonlik, iymonni mustahkamlash, xorijda yashash sharoitida milliy va diniy an’analarni saqlashga oid pand-nasihatlar berib, ezgu tilaklar bildirdi.
Tashkil etilgan “Ehson” xayriya tadbirida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini yuritayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Aksiyaning asosiy maqsadi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, o‘zaro yordam va birdamlik an’analarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Xayriya dasturxoniga 100 nafardan ortiq yurtdosh taklif etildi, 50 ta ehtiyojmand oilaga bayram sovg‘alari ulashildi.
Isaxon Begmatov Qurbon hayitining ma’naviy ahamiyati, xayriya, birdamlik va o‘zaro ko‘makning, shuningdek, Vatandan yiroqda milliy va diniy an’analarni asrashning muhimligi haqida so‘z yuritdi.
Shu kabi ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston fuqarolari ko‘plab istiqomat qiladigan Kyonsan, Kimxe, Chunchon, Kvanju, Mokpo, Kunsan va Tejon shaharlarida ham o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 2 iyun kuni “Haj - 2026” ishchi guruhi rahbari - Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi hojilarimizning dastlabki guruhlari eson-omon yurtimizga yetib keldilar.
Toshkent xalqaro aeroportida nurli va fayzli yuzlarida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilarimizni Prezident Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari ehtirom ila kutib olishdi.
Muqaddas zaminda dinimizning beshinchi arkonini katta ixlos va ibodat zavqi bilan ado etgan hamyurtlarimiz ko‘tarinki kayfiyat ila yaqinlari bilan diydorlashdi.
Hojilarimiz ushbu ulug‘ kunlarga yetkazgani uchun Haq taologa shukronalar aytib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va osoyishtaligi haqqiga xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati