Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi. Bu haqda Spot regulyator matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, kengash islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar, islomiy moliyalashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazorati ostidagi boshqa tashkilotlarning islomiy moliya faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.
Kengash tarkibiga besh nafar mutaxassis — islom huquqi bo‘yicha to‘rt nafar ekspert va islomiy moliya sohasidagi bir nafar texnik ekspert kiritildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Saidjamol Masayitov kengash raisi, markaz bosh mutaxassisi Muhammadayubxon Homidov esa rais o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Fatvo markazi mutaxassislari Hikmatilla Toshtemirov va Abdullatif Tursunov hamda Orient Audit Group auditorlik kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Axrorjon Sadullayev kengash a‘zolari bo‘ldi.
Kengash a‘zolarining aksariyati islom huquqi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tarkibiga kiradi hamda islomiy moliya yo‘nalishida AAOIFI xalqaro sertifikatlariga ega.
Texnik ekspert Axrorjon Sadullayev bank-moliya sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega. U avval Markaziy bank, Aloqabank, KDB Bank Uzbekistan, shuningdek, KPMG, Ernst & Young va Grant Thornton xalqaro auditorlik kompaniyalarida faoliyat yuritgan.
Kengash islomiy moliya standartlari loyihalarini xalqaro standartlar va mahalliy sharoitni inobatga olgan holda ishlab chiqadi.
Shuningdek, Markaziy bankka islomiy moliya faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish masalalari yuzasidan xulosa va tavsiyalar beradi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi hamda sohada yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha tushuntirishlar beradi.
Bundan tashqari, kengash banklar va mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya faoliyati yuzasidan tavsiyalar beradi, ular bilan davriy maslahat uchrashuvlari o‘tkazadi.
Zarurat tug‘ilganda Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) yig‘ilishlarida Markaziy bank nomidan qatnashadi.
Markaziy bank ma‘lumotiga ko‘ra, kengash har yili o‘z faoliyati bo‘yicha hisobotni regulyator boshqaruviga taqdim etadi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 12–15 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi, BAAning “HEDAYAH” xalqaro markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va X-Media jamoasi hamkorligida mamlakatimizning din va jamoat yetakchilari uchun maxsus seminar-trening o‘tkazildi.
Boshqa jamoat tashkilotlari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidan 25 nafar ishtirokchi qatnashgan mazkur trening zamonaviy media texnologiyalari, sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanishga bag‘ishlandi.
Seminar davomida nazariyadan amaliyotga o‘tgan ishtirokchilar video kontent yaratish, ssenariy yozish, faktlarni tekshirish, raqamli platformalarda auditoriyani jalb etish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab olishdi.
Bu kabi seminar-treninglar zamonaviy media imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, jamiyat bilan muloqotni yanada samarali, mazmunli va ishonchli yo‘lga qo‘yishda juda foydali ekani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati