2 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Islom Karimov mamlakatimiz tarixining g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrida O‘zbekistonga rahbarlik qildi. Uning nomi mustaqillikning qo‘lga kiritilishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va yurtimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan uzviy bog‘liq.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Shu ma’noda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini ta’minlashga, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga katta hissa qo‘shgan insonlar xotirasini e’zozlash muhim ma’naviy qadriyatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi.
Samarqandga tashriflar chog‘ida uning maqbarasini ziyorat qilish ezgu an’anaga aylandi.
Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.
Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.
Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nufuzli mukofot — Imom Qarofiy nomidagi "Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun" xalqaro mukofoti bilan taqdirlandilar.
Yuksak mukofotni Misr Arab Respublikasi bosh muftiysi, Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati raisi, professor Nazir Muhammad Ayyod, Misr vaqf vaziri doktor Usoma al-Azhariy hamda Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Mustafo Sano kabilar tantanali ravishda topshirdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, ushbu e’tirof Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Islom dini ma’rifatini keng yoyish, ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy fatvo faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi fidokorona mehnatlarining munosib samarasi ekanini alohida ta’kidladi.
Taqdirlash chog‘ida turli mamlakatlardan kelgan 500 nafardan ziyod anjuman ishtirokchilari e’tiboriga O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy soha islohotlari hamda Muftiy hazratlarining ko‘p qirrali faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Unda yurtimiz qadimdan buyuk sivilizatsiyalar beshigi, ilm-ma’rifat va islom madaniyatining muazzam markazi bo‘lib kelgani e’tirof etildi. Shuningdek, lavhada bugungi kunda Davlatimiz Rahbari boshchiligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar, nufuzli xalqaro anjumanlar, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samarali faoliyati, jumladan, Fatvo markazining ishga tushirilishi va mo‘tadillikni targ‘ib etish borasidagi salmoqli tashabbuslari atroflicha ko‘rsatib berildi.
Ma’lumot o‘rnida, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bunga qadar ham bir qator yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar:
- Prezidentimiz farmonlariga muvofiq “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi markaziy diniy idorasining «Al-I’tisom» («Hamjihatlik») medali;
– Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining «Ыntimak» («Birdamlik») medali;
– «Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining 30 yilligi» yubiley medali;
– Shimoliy Kavkaz musulmonlarini muvofiqlashtirish markazining «Ummat oldidagi xizmatlari uchun» ordeni;
– Rossiya Federatsiyasi Imom Buxoriy nomidagi diniy tashkilotining «Al-Ilm» ordeni.
«Fatvo sohasidagi yuksak xizmatlari uchun» mukofoti haqida:
Mazkur nufuzli xalqaro mukofot Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, buyuk alloma, faqih Imom Shihobuddin al-Qarofiy (1228–1285) sharafiga nomlangan.
Ushbu mukofot Islom ummatida mo‘tadillik tamoyillarini ilgari surish, bir yoqlama va tor qarashlardan saqlanish, jamoaviy ijtihod hamda fatvo berish amaliyotini takomillashtirish va zamonaviy muammolarga to‘g‘ri shar’iy yechimlar ishlab chiqishga ulkan hissa qo‘shgan yetuk ulamolarga taqdim etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati