Hashr surasining ilk oyatlari Allohga tasbeh bilan boshlanib: “Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Allohga tasbeh aytur. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir” (Hashr surasi, 1-oyat), so'nggi oyatlari ham tasbeh bilan yakunlanadi: “Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Unga tasbeh aytur. U Qudratli va Hikmatli (zot)dir” (Hashr surasi, 24-oyat).
“Hashr” – “Jamlab surgun qilish” degan ma'noni anglatadi. Yigirma to'rt oyatdan iborat ushbu sura Madinai munavvarada, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Bayyina” surasi nozil qilingan so'ng nozil bo'lgan.
Hashr – Qiyomat kunining nomlaridan biri sanaladi. Oxiratda insonlarning barchasi mahshargohda to'planadi. Hayotlik vaqtlarida qilgan har bir yaxshi va yomon amallari uchun Alloh taoloning oldida javob berishadi.
Ma'qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim tong ottirganda uch marta “A'uzu billahis-samiy'il a'liym minash shaytonir rojiym” deb turib, “Hashr” surasining oxiridan uch oyatni tilovat qilsa, Alloh unga etmish ming farishtani vakil qilib qo'yadi. Ular unga kech kirguncha salavot aytadilar. Agar u o'sha kuni o'lsa, shahid holida o'ladi. Kim o'shalarni kech kirganda aytsa, xuddi o'shandoq bo'ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim bir yaxshilikni ko‘ngilga tugsa-yu, uni qilmasa, Alloh buni O‘z huzurida unga to‘liq bir yaxshilik deb yozadi. Agar shuni ko‘ngilga tugib, keyin uni qilsa, Alloh buni O‘z huzurida unga o‘nta yaxshilikdan yetti yuz baravargacha qilib, undan ham bir necha baravar ko‘p qilib yozadi. Kim bir yomonlikni ko‘ngilga tugsa-yu, uni qilmasa, Alloh buni O‘z huzurida unga to‘liq bir yaxshilik deb yozadi. Agar shuni ko‘ngilga tugib, keyin uni qilsa, Alloh buni unga birgina yomonlik deb yozadi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).