Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Mujodala va tortishuv

17.08.2022   2011   6 min.
Mujodala va tortishuv

Ma'ruf Karxiy aytadilar: "Alloh qaysi bandasiga yaxshilikni xohlasa, unga amal eshigini ochib, jadal eshigini yopib qo'yadi. Bordiyu bandaga yomonlikni iroda qilgan bo'lsa, uning yuziga amal eshigini yopib, jadal eshigini ochib beradi".

Jadal bu – mujodala va tortishuvni anglatadi. U ilmiy va xolisona bahsdan farqli o'laroq o'zini raqibidan ustun qo'ygan holda nima qilib bo'lsa ham uni engish uchun talashib-tortishishda ko'zga tashlanadi. Odatda mujodala yurituvchi kishi raqibining fikrini tarozuga solib ko'rmaydi. Chunki maqsad haqiqatni topish emas, balki, o'z ongiga o'rnashgan "haqiqat"ni qaror toptirib, uni boshqalar ongiga ham zo'rlik bilan singdirishdan iborat bo'ladi. Mujodalaga mukkasidan ketgan inson ko'pincha raqib tomonni ochiqchasiga yoki zimdan haqoratlab, kamsitishga odatlanib qoladi.

Mujodalaning munozaradan farqi ham shundaki, munozara o'z ma'nosi bilan ham mushkil bo'lib qolgan masalaga "birgalikda nazar solish" orqali masalaning tagiga etishni anglatadi. Munozaraning asl ma'no va maqsadi shundan iborat. Bu uslub ilm rivojiga hissa qo'shib, qalblarni birlashtirishga xizmat qiladi. Shu ma'noda Imom Shofeiy rahimahulloh: "Kim bilan munozara qilgan bo'lsam, har safar: "qaniydi haq uning tarafida bo'lsa edi!", deb orzu qilganman", der edilar. Bu ham bo'lsa, o'tgan ulug'larimizning bahs-munozaradan asl maqsadlari haqni topish va masalaning mohiyatiga etishdan iborat bo'lganligidan darak beradi. Ular garchi fiqhning ayrim ikkinchi darajali masalalarida bir-biridan farq qiluvchi o'rinlarni egallagan bo'lsalarda birov-birovlarining nomlari zikr qilinadigan bo'lsa, bir-birlarini doimo kamoli ehtirom bilan tilga olganlar. Vafot etgan bo'lsalar “Alloh rahmatiga olsin!”, deya xayrli duo bilan zikr qilganlar. Chunki ular hamma narsaga o'z hajmiga ko'ra yondashar edilar.

Fiqhiy ixtiloflar aslida ziddiyat emas, balki, rang-baranglik ixtilofi ekanligini va bu ham o'z navbatida Allohning rahmatidan bir ko'rinish hisoblanishini yaxshi idrok etganlar. Bunday turlilik mag'izdan emas, “po'stloq”dan joy olgani, bo'lib ham masalaning aslida emas, balki, bahs mavzusi bo'lgan ikki ishning qay biri afzalligi haqidagi savol tevaragida aylanishi ularga yaxshi ma'lum edi. Shu bois ham ular ixtilof odobiga to'la-to'kis rioya qilganlar. Yuqoridagi kabi ikkinchi darajali fiqhiy masalalarda o'z fikrlarini o'zlari uchun to'g'ri, raqiblarining fikrlarini ham ularning o'zlari uchun to'g'ri deb bilganlar.

Mujodalaga mukkasidan ketgan kishida esa qaysi masala bo'lishidan qat'iy nazar ko'pincha o'z fikrini ustun qo'yish xususiyati ustuvorlik kasb etadi. U haqiqatning bo'ynini o'z tomoniga burib bo'lsa ham fikrini isbotlashga harakat qiladi. Shuning uchun ham ko'pincha o'zi sezmagan holda adashadi.

Tortishuv hech qachon kutilgan ijobiy natijaga olib kelmaydi, aksincha, o'rtadagi ziddiyat jarligini yana ham kattalashtirib yuboradi. Jamiyat vakillari o'rtasida adovat va nafrat paydo qiladi. Musulmonlar orasiga nizo soladi. Shuning uchun ham dinda talashib - tortishish, kajbahslik qoralanadi.

Taassufki, ba'zan ayrim yoshlarda ilmni talashib-tortishish va o'z fazilati va ortiqligini ko'z-ko'z qilish uchun o'rganish holatlari kuzatilib qoladi. Hakimlar aytadilarki,“Aqlli bilan ham, ahmoq bilan ham tortishma! Chunki aqlli seni engib qo'yadi, ahmoq esa ozor etkazadi”.

Demak, talashib-tortishuvchi odam ikki toifaning biri bilan tortishayotgan bo'lar ekan: Aqlli yoki ahmoq. Boshqacharoq qilib aytsak: olim yoki johil. Agar tortishib mot qilishga urinayotgan raqibi dono bo'lsa, uni engib qo'yadi va natijada mulzam bo'lib qoladi. Bordiyu, qarshisidagi nodon bo'lsa, unga turli xil ko'rinishda aziyat etkazib qo'yish ehtimoli bor. Masalan, so'kib, haqoratlashi mumkin va hokazo. Har ikkala holatda ham tortishuvchi manfaat topmaydi.

Qarangki, tortishuv borasida yuqoridagi hikmatli o'gitda aytilgan mazmun undan-da go'zalroq ko'rinishda janob payg'ambarimiz Rasululloh alayhissalomning hadisi shariflarida o'z ifodasini topgan ekan. Ka'b ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib, dedilar: “Kimki ilmni olimlar bilan raqobatlashish, nodonlar bilan tortishish yoxud o'sha (ilm) orqali odamlarning yuzini o'zi tomonga og'dirish uchun o'rganadigan bo'lsa, Alloh uni do'zax oloviga kiritadi”(Imom Termiziy rivoyati).

E'tibor bering, bu erda ham tortishish ikki toifaning biriga qaratilishi aytilyapti: olimlar yoki johillar. “Kimki ilmni olimlar bilan raqobatlashish, nodonlar bilan tortishish yoxud o'sha (ilm) orqali odamlarning yuzini o'zi tomonga burish uchun o'rganadigan bo'lsa, Alloh uni do'zax oloviga kiritadi”.

Shu bilan bir qatorda hadisi sharifda tortishuvni yaxshi ko'radigan insondagi yana bir illat ham ochib berilgan. U ham bo'lsa ilmni xolis emas, balki, omma xalq va ilm ahlining yuzlarini o'ziga qaratish, obro' topish, uni ulug'lab hurmat ko'rsatishlarini maqsad qilgan holda tahsil qilishdir. Bu borib-borib riyo va ujub kabi nafs xastaliklariga aylanadi. Bu xastalik insonda shu qadar maxfiy hamda sekinlik bilan rivojlanib boradiki, kishi o'zini yaxshilab taftish qilmasa, uni sezmay ham qoladi. Oqibatda esa hadisning so'ngida aytilgan ayanchli oqibatga duchor bo'lib qolishi hech gap emas: “Alloh uni do'zax oloviga kiritadi!”. Alloh asrasin!

 

Odilxon qori Yunusxon o'g'li

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   5489   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).